Poytaxtimizda boshlangan I Toshkent Xalqaro amaliy san’at festivali tomoshabinlarga hayrat va havas, ijod ahliga esa ilhom zavqini ulashmoqda. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy ko‘rgazmalar zalida mazkur festivalning ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birga tashkil etilgan san’at festivaliga xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus vakillari, yurtimiz va xorijlik hunarmandlar, san’atshunos olimlar, talaba-yoshlar, muxlislar taklif etildi.
Badiiy akademiya raisi A.Nuriddinov va boshqalar mamlakatimizda milliy an’ana va qadriyatlarimizni asrab-avaylash, madaniyat va san’atni izchil ravnaq toptirish borasidagi ezgu sa’y-harakatlar ijod ahlini yanada samarali faoliyat ko‘rsatishga chorlayotganini ta’kidladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ijodkor ziyolilarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, ular uchun zarur imkoniyatlarni yaratish, madaniy sohalarda xalqaro hamkorlikni tobora kuchaytirishga oid amaliy tashabbuslar san’atning barcha yo‘nalishlari kabi tasviriy va amaliy san’at bo‘yicha ham yangidan-yangi g‘oyalarga turtki bermoqda.
Xalqimizning boy madaniy, ma’naviy merosini o‘zida aks ettirgan amaliy san’at tasviriy, haykaltaroshlik, dizaynerlik san’atlari gullab-yashnashida ham muhim poydevor vazifasini o‘tamoqda. Yurtimizda azaldan rivoj topgan mazkur san’atning ko‘plab maktab va an’analari istiqlol yillarida qayta ko‘z ochdi.
Badiiy akademiya tomonidan Madaniyat, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Tashqi ishlar vazirliklari, "Hunarmand" uyushmasi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan ushbu ijodiy loyiha mustaqillik yillarida xalq amaliy san’ati sohasida erishgan yutuqlarimizni namoyish etish imkonini bermoqda. Ayni paytda mazkur festival xalqaro ijodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, ustoz-shogird maktabi an’analarining bardavomligini ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Festivalda yurtimiz usta va hunarmandlari bilan birga Ozarbayjon, Buyuk Britaniya, Eron, Italiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Latviya, Rossiya, Tojikiston, Germaniya, Qozog‘iston, Qirg‘izistondan ham ijodkorlar ishtirok etmoqda.
– Bu festivalda qatnashayotganimdan juda mamnunman, – deydi Nadejda Grishina (Rossiya). – Festival doirasidagi ko‘rgazmada mato bo‘laklaridan tarkib topgan tasviriy kompozitsiya bilan qatnashyapman. Loyiha xalq amaliy san’atining unutilayozgan turlari va yo‘nalishlarini o‘zida namoyon etgani bilan g‘oyat qimmatlidir.
– O‘zbekistonda xalq amaliy san’ati rivojiga, bebaho ma’naviy merosni asrab-avaylashga qaratilayotgan chora-tadbirlar ko‘plab davlatlar uchun ibratdir, – deydi YuNESKOning nomoddiy madaniy meros bo‘yicha eksperti Dinara Chochunbayeva (Qirg‘iziston). – Yurtingizda usta va hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash borasida yaratilgan ko‘plab imtiyozlar ularning samarali ijod qilishida asosiy omil bo‘lmoqda.
Festival doirasida ko‘rgazmalar, mahorat saboqlari, taqdimot tadbirlari, ijodiy muloqotlar, uchrashuv va anjumanlar, modalar namoyishi bo‘lib o‘tadi. Loyiha doirasidagi ilk ko‘rgazmada milliy kashtachilik, liboslar dizayni, matodagi tasvir – batika san’ati, quroqchilik kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ijod namunalari tomoshabinlarga havola etildi.
Nazokat Usmonova, Muhammad Amin (surat), O‘zA