O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Namanganda "Elektron poliklinika"lar ish boshladi

2017-11-07 | Jamiyat

Namangan viloyati markazidagi barcha oilaviy poliklinikalarda “Elektron poliklinika”lar faoliyat ko‘rsata boshladi.

Soha faoliyatini zamon talablari asosida takomillashtirish imkonini beradigan mazkur tizim O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi “O‘zmedinfo” markazi va viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamkorligida Namangan shahridagi 13 poliklinikada joriy etildi. Ular zarur axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta’minlandi va lokal tarmoqqa ulandi. 

– Onlayn tartibda ishlovchi avtomatlashgan axborot tizimi viloyatlar orasida birinchi bo‘lib Namangan shahridagi oilaviy poliklinikalarda ishga tushirildi, – deydi “O‘zmedinfo” markazi vakili N.Sotvoldiyev. – “Elektron poliklinika” tizimi aholiga qulaylik yaratish maqsadida ishlab chiqilgan. Dasturga muvofiq, poliklinikalar xizmat ko‘rsatadigan mahallalarda yashovchilarga ochilgan tibbiy kartalarning hammasi kasalliklarning xalqaro tasnifi shaklida Sog‘liqni saqlash vazirligi korporativ tarmog‘idagi elektron bazaga kiritilgan. Ya’ni, bemor nafaqat o‘zi yashaydigan joydagi poliklinika, balki mamlakatimizning qaysi shahri yoki viloyatida bo‘lmasin, tibbiy xizmatga ehtiyoj sezsa, o‘sha hududdagi birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasasiga murojaat qilishi mumkin. Muayyan fuqaroning tibbiy kartasi yurtimizdagi barcha oilaviy poliklinikalar komputerlarida ko‘rinadi. 

– Ushbu tizim har tomonlama qulay, – deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha bosh mutaxassisi Akmaljon Hamidjonov. – Endi bemorlar oilaviy poliklinikaga kelib, navbat kutib vaqtini behuda sarflamaydi. Internet tarmog‘i orqali qaysi shifokorning qaysi vaqtda ishlashini bilib olishi va elektron ro‘yxatga yozilishi mumkin. 

Shifokorlar qabuli chog‘idagi tashxis ma’lumotlari esa avtomatik ravishda hisobotlar bazasida qayd etib boriladi. Fuqarolar mazkur tizim orqali shifokor va hamshiralarga minnatdorlik izhor qilishi, faoliyatiga oid taklif va mulohazalarini bayon etishi mumkin. Yana bir muhim jihat shuki, “Elektron poliklinika”ga kelib tushgan murojaat yoki shikoyat tahlili shifokorlar va o‘rta tibbiyot xodimlari faoliyati reyting natijalarini adolatli baholashda g‘oyat qo‘l keladi. 

“Elektron poliklinika” tizimi kelgusi bosqichda tumanlardagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarga o‘rnatiladi. Keyin esa qishloq oilaviy poliklinikalarini qamrab oladi. Jumladan, yaqin kunlarda Norin, Mingbuloq, Chortoq va Yangiqo‘rg‘on tumanlari aholisi ham ushbu xizmatdan bahramand bo‘ladi.

 

Akramjon Sattorov, O‘zA

Поделиться