O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zaro ishonchga asoslangan hamkorlik masalalariga bag‘ishlandi
2017-11-07 | Siyosat
Toshkent shahrida 6-noyabr kuni Xitoy Xalq Respublikasi Kommunistik partiyasining XIX syezdi yakunlariga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ko‘magida Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, mamlakatimizdagi vazirlik va idoralar rahbarlari, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, siyosiy partiyalar, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari, XXR delegatsiyasi a’zolari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Shu yil 18-24-oktabr kunlari XXR Kompartiyasi XIX syezdi bo‘lib o‘tdi. Unda Si Szinpin partiya markaziy qo‘mitasi Bosh kotibi lavozimiga qayta saylandi. Tadbirda Xitoyning keyingi besh yillik rivojlanish yo‘lini belgilab bergan mazkur syezd yakunlari, Xitoy taraqqiyot istiqbolida yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari, xususan, O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli va qat’iy ishonchga asoslangan hamkorlik istiqbollari haqida so‘z yuritildi.
Xitoy O‘zbekistonning strategik sheriklaridan biridir. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar bugungi kunda barcha jabhalarda faol rivojlanib bormoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida ishlab chiqilgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy sohalarda yaqin xalqaro hamkorlik amalga oshirilmoqda. Ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlari o‘zaro manfaatli sheriklik munosabatlarini taraqqiy ettirishga xizmat qilmoqda.
Tadbirda 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangani kabi Xitoy Xalq Respublikasini taraqqiy ettirishning besh yillik istiqbollarida ham yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish masalasi tashqi siyosatda asosiy yo‘nalish sifatida belgilangani qayd etildi. Bu o‘zaro manfaatli investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishga, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Forum doirasida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.