O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Xalqimizning asl farzandi xotirasiga ehtirom

2017-11-06 | Siyosat

Kunning ikkinchi yarmida Jizzax viloyati musiqali drama teatrida atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasi va konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.  

Unda senator va deputatlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yozuvchi-shoirlar, san’at va madaniyat namoyandalari, adibning avlodlari, faxriylar, yoshlar, adabiyot ixlosmandlari qatnashdi.  

Sharof Rashidov atoqli davlat arbobi bo‘lish bilan birga, ulkan so‘z san’atkori, mohir tarjimon, inson qalbining zukko bilimdoni edi. Uning yoshlik, bahor, go‘zallik, ezgulik, Vatan mehri tarannum etilgan asarlari xalqimiz qalbidan chuqur joy olgan. Xususan, «Kashmir qo‘shig‘i», «Ikki dil dostoni», «Dil amri» kabi asarlari milliy adabiyotimiz xazinasidan munosib joy olgan, qator asarlari asosida badiiy filmlar suratga olingan, spektakllar sahnalashtirilgan.  

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan istiqlolning dastlabki yillaridayoq adolat qayta tiklandi, Sharof Rashidov nomi to‘la-to‘kis oqlandi. 1992-yil adibning 75 yillik yubileyi yurtimizda keng nishonlandi.  

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 27-martdagi «Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq ushbu sana mamlakatimiz miqyosida katta tantana bilan nishonlanmoqda. Bu tadbirlarda xalqimizning ulug‘ adibni qanchalar ardoqlashi, uning ijodiy merosi, odamlar dardiga malham bo‘lishdek o‘zbekona sifatlari va fazilatlarini qadrlashi namoyon bo‘lmoqda.  

Bu adibning 100 yillik yubileyiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xotira kechasi konsertida ham o‘zining yorqin ifodasini topdi. Unda yurtimiz san’at ustalari tomonidan milliy ashula va raqslar, jahon san’atining eng sara asarlaridan namunalar ijro etildi.  

Ushbu kuy-qo‘shiqlar qalblarda Vatanga muhabbat, hayot sururi tuyg‘ularini jo‘sh urdirdi. Sharof Rashidov so‘zi bilan aytiluvchi «Olamda gullar yashar», «Vatan fidoyilariga», «Dugonalar», «Yor kelur» qo‘shiqlari, Hamid Olimjon va Zulfiyaning «O‘zbekiston deya atalur...», «Yoshlik chog‘imda», «Kel, assalom» she’rlariga bastalangan taronalar, xalq ashulalari, jahon san’atidan ijro etilgan ariya va kompozitsiyalar tinglovchilarga bir olam zavq bag‘ishladi.  

Sahna ortidagi ulkan monitorda donishmand insonning bolalik va yoshlik davrlari, uni voyaga yetkazgan ota-onasi siymolari, Sharof Rashidovning ona Vatanimiz, xalqimiz g‘ururini ko‘tarish, yurtimizni obod etish yo‘lida butun borlig‘ini tikib olib borgan hayoti, Prezidentimiz rahnamoligida ardoqli adib nomini abadiylashtirish borasida amalga oshirilayotgan ulkan ishlar, bugungi dorilomon hayotimiz aks ettirilgan lavhalar namoyish etiladi.   

Bularning bari o‘z eliga va Vataniga fidoyi insonning xalqimiz yuragidan munosib joy olgani va mehriga sazovor bo‘lganini namoyon qiladi.  

Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechalari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar mamlakatimiz bo‘ylab davom etmoqda.

 

Matnazar Elmurodov, O‘zA

Поделиться