O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Jizzaxda Sharof Rashidov haykali ochildi
2017-11-06 | Siyosat
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 27-martdagi «Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida»gi qarorida Jizzax shahrida uning xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik majmuasini barpo etish va haykalini o‘rnatish belgilangan edi. Qisqa vaqtda shahar markazida mazkur majmua va haykal bunyod etildi.
Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligi doirasida ushbu haykalning ochilish marosimi bo‘ldi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, hukumat a’zolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mehnat faxriylari, adabiyot va san’at namoyandalari, viloyat ahli, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan kelgan yurtdoshlarimiz, chet ellik mehmonlar ishtirok etdi. Sharof Rashidovning farzandlari, do‘stlari, hamkasblari, shogirdlari va boshqa yaqinlari qatnashdi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.
Davlatimiz rahbari Sharof Rashidovning xalqimiz manfaatlari yo‘lidagi ulkan xizmatlari haqida so‘zladi.
Sharof Rashidov oddiy xalq orasidan chiqqani, noyob aql-zakovati, mehnatsevarligi va kamtarligi bilan katta obro‘-e’tibor qozongani, xalqimizga sadoqat bilan halol xizmat qilganini ta’kidladi.
Sharof Rashidov umr bo‘yi o‘z xalqiga, barcha sof niyatli insonlarga yaxshilik qilib, ularni ulug‘ maqsadlar yo‘lida birlashtirib, ezgu ishlarga safarbar etib yashadi, deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev. Bu olijanob, donishmand va bag‘rikeng inson, qanday suronli sinovlarga duch kelgan bo‘lmasin, yuksak gumanistik g‘oyalarga doimo sodiq bo‘lib, xalqimiz qalbida yaxshi nom, so‘nmas xotira qoldirdi.
Sharof Rashidov respublika rahbari sifatida zimmasidagi ulkan vazifalarga qaramasdan, o‘zi butun borlig‘i bilan sevgan adabiyotga hamisha sodiq qoldi. U o‘zining betakror iste’dodi bilan ezgu qadriyatlarni tarannum etgan roman va qissalar, she’r va dostonlar, publitsistik maqolalar yaratdi, dedi Prezidentimiz.
Tadbirda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Oqil Salimov, mehnat faxriysi Ismoil Jo‘rabekov, uchuvchi-kosmonavt Vladimir Jonibekov, mehnat faxriysi Qallibek Kamalov, Sharof Rashidovning qizi, akademik Sayyora Rashidova va boshqalar Sharof Rashidov bilan bog‘liq xotiralari, u kishining hayoti va faoliyati haqida so‘zladi.
Sharof Rashidov haykalini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Sharof Rashidovning qizi Sayyora Rashidova ochdi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi.
Sharof Rashidov haykali poyiga gullar qo‘yildi.