O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yoshlar o‘z maqsadiga yanada yaqin
2015-04-03 | Jamiyat
Yoshlar ijod saroyida "Ta'lim va mutaxassislik" XII xalqaro ko'rgazmasi ochildi.
"Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati, O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirliklari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimiz va xorijiy davlatlarning ko'plab oliy o'quv yurtlari, bo'sh ish o'rinlari taqdim etayotgan yirik korxonalar, bandlikka ko'maklashish markazlari ishtirok etmoqda.
"Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi raisining birinchi o'rinbosari F.Muhammadjonova va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ta'lim tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham keng e'tirof etilayotganini ta'kidladi. Mazkur ko'rgazma yosh mutaxassislarning ishga joylashish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Kasb-hunar kollejlarida umumta'lim fanlari bilan birga mehnat bozorida talab qilinadigan bir necha kasb-hunarni egallash imkoniyati mavjud. Ularda o'rta maxsus ta'lim olgan yoshlar korxonalarga muayyan kasb-hunarni puxta egallagan, ishlab chiqarish jarayonini yaxshi bilgan mutaxassis sifatida kirib kelmoqda. Bu borada litseylar ham muhim vazifani bajarmoqda. Ushbu bilim maskanlarida o'quvchilar akademik yo'nalishlar bo'yicha umumiy ta'limni chuqur o'rganishdan tashqari, muayyan ixtisosliklar bo'yicha fanlarni o'zlashtirmoqda.
Prezidentimiz Islom Karimov qarori bilan tasdiqlangan 2011-2016-yillarga mo'ljallangan oliy ta'lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini modernizatsiya qilish va mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash dasturi mamlakatimiz ta'lim tizimini yanada rivojlantirishning muhim omili bo'lib xizmat qilmoqda. Unda oliy o'quv yurtlari binolarini qurish va rekonstruksiya qilish, jihozlash, zamonaviy laboratoriyalar tashkil etish, o'qitish yo'nalishlarini maqbullashtirish, davlat ta'lim standartlarini yanada takomillashtirishni o'z ichiga olgan aniq maqsadli tadbirlar belgilab berilgan.
– Asosiy maqsadimiz yoshlarni O'zbekiston va xorijiy mamlakatlar ta'lim tizimining zamonaviy usullari bilan yaqindan tanishtirish, o'quv muassasalari o'rtasida o'zaro tajriba almashish, yoshlar o'zi qiziqqan sohalardagi o'quv yurtlarini tanlashiga ko'maklashish va yangi ish o'rinlarini taqdim etishdir, – deydi "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati tadbirkorlik loyihalari koordinatori Abdulaziz Mo'minov. – Ikki yo'nalishda o'tkazilayotgan ushbu ko'rgazmada O'zbekiston, Xitoy, Koreya Respublikasi, Latviya, Rossiya, Malayziya, Buyuk Britaniya, Vengriya, Polsha, Kanada, Singapur, AQSh, Isroil va boshqa davlatlarning yigirmadan ziyod yetakchi oliy o'quv muassasasi va ularning oltmishdan ortiq filiali, til markazlari, ko'plab ish beruvchi tashkilotlar qatnashmoqda.
– Mamlakatimiz ta'lim tizimida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar yuksak samaralar bermoqda, – deydi Janubiy Koreyaning Toshkent shahridagi Inxa universiteti rektori Sherzod Shermatov. – Yoshlarimizning bilim olishga bo'lgan ishtiyoqi kuchli. Buni ko'rgazmaga kelgan yoshlar misolida ko'rish mumkin.
Ko'rgazmaning mutaxassislik yo'nalishi mamlakatimizning yetakchi firma va kompaniyalariga mavjud bo'sh ish o'rinlari uchun nomzodlarni tanlab olishda yaxshi imkoniyat yaratmoqda. Bu yerda nafaqat ta'lim muassasalarini bitirayotgan yigit-qizlar, balki tajribali mutaxassislar ham o'zlari istagan ishni topishi mumkin.
– Xorijda komputer injiniringi yo'nalishida tahsil olib qaytdim, – deydi Feruzbek Saidov. – Endi olgan bilimimni mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi yo'lida sarflash niyatidaman. Axborot texnologiyalari mutaxassisligi bo'yicha ish o'rinlari taklif etayotgan kompaniyalar bilan tanishdim. Biz, yoshlar kelajagimizni qurish uchun bunday keng imkoniyatlar yaratilayotganidan mamnunmiz.
Ko'rgazma doirasida "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan yoshlarni kasb-hunarga yo'naltirish, ularda tadbirkorlik ko'nikmalarini shakllantirishga qaratilgan o'quv seminarlar, loyihalar taqdimoti o'tkaziladi.