O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Davlat byudjetining to‘qqiz oylik yakunlari muhokamasi
2017-11-02 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyalarining yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Unda Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2017-yil to‘qqiz oylik ijrosi to‘g‘risidagi hisoboti ko‘rib chiqildi va muhokama qilindi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hisoboti tinglandi.
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demoqratik partiyasi fraksiyasi a’zolari hisobot davrida mamlakatning yalpi ichki mahsuloti 5,3, sanoat hajmi 4,1, qishloq xo‘jaligi hajmi 3,5, xizmatlar hajmi 6,4 foizga o‘sishi kuzatilganiga e’tibor qaratdi. Birgina tayyor to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish sohasiga yirik miqdorda investitsiyalar jalb qilinib, 3 yangi va modernizatsiya qilingan zamonaviy yengil sanoat korxonasi ishga tushirildi. Ularda mingdan ortiq ish o‘rni yaratildi.
Fraksiya a’zolari hisobot davrida Davlat byudjeti xarajatlarining ijtimoiy yo‘naltirilganligi ta’minlanib, partiyaning dasturiy maqsadlariga hamohang tarzda fan, ta’lim, madaniyat va sportni rivojlantirishga qaratilayotganligi e’tiborga loyiq ekanini qayd etdi.
Ilm-fanni rivojlantirish, shuningdek, bugungi kunda mamlakatimizda mavjud ilmiy-tadqiqot markazlari, ilmiy-ishlab chiqarish tashkilotlari va innovatsion markazlar uchun hisobot davrida Davlat byudjetidan 171 milliard so‘mlik mablag‘ sarflandi.
Ayni paytda shahar va qishloq joylarda aholi turmush sharoitini yanada yaxshilashni ta’minlovchi arzon uy-joylarni qurish, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va modernizatsiya qilish borasida rejalashtirilgan ishlar bajarilishi esa fuqarolarimizning munosib hayot kechirishlariga, turmush darajasi sifati oshishiga imkon berayotganligi e’tirof etildi.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasining dasturiy maqsadlariga uyg‘un tarzda iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va tarkibiy o‘zgartirish, ishlab chiqarishga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish orqali uni modernizatsiyalash jahon maydonida milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Partiya saylovoldi platformasida ko‘zda tutilgan eksport qiluvchi korxonalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, eksportni diversifikatsiya qilish, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotish uchun yangi bozorlarni o‘zlashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni tizimli davom ettirish, byudjetlararo munosabatlarni yanada takomillashtirish asosida mahalliy byudjetlarning daromad qismini mustahkamlash, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan mavjud imkoniyatlar hamda rezervlardan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi deputatlari asosiy e’tiborni ijtimoiy sohalarda amalga oshirilgan ishlarga qaratdi.
Ta’kidlanganidek, hisobot davrida ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 19 trillion 410 milliard so‘m miqdorida mablag‘ sarflandi.
2017-yilning 9-oyligida ta’lim tizimidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, ta’lim jarayoni darajasi hamda sifatini takomillashtirishga qaratilgan ta’lim standartlari va dasturlarini mukammallashtirish, shuningdek, ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashni davom ettirish masalalariga birinchi darajali e’tibor qaratilgani fraksiya a’zolari tomonidan e’tirof etildi.
Maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar ijrosini ta’minlash maqsadida hisobot davrida Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 23,7 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
Muhokamalar jarayonida O‘zbekiston “Adolat” SDP saylovoldi dasturidan o‘rin olgan sog‘liqni saqlash sektorini rivojlantirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga yo‘naltirilgan mablag‘lar ijrosi ham fraksiya a’zolari diqqat markazida bo‘ldi.
Qayd etilganidek, sog‘liqni saqlash sohasiga Davlat byudjetidan yo‘naltirilgan mablag‘lar miqdori 5 trillion 220 milliard so‘mdan oshdi.
Prezidentimizning joriy yil 17-iyuldagi “Aholini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida fuqarolarga arzon narxlarda zarur dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi va ushbu maqsadlar uchun Davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lar 2016-yilning mos davriga nisbatan jami 185,8 foizga ortganligi qayd etildi.
Bundan tashqari, fraksiya a’zolari sohani yanada rivojlantirish, tibbiy xizmatlar ko‘lami va sifatini oshirishga qaratilgan qaror va farmonlar natijasida 9 oy mobaynida xususiy tibbiyot muassasalari yana 400 dan ziyodga ko‘payib, ularning soni 3 ming 860 dan oshgani, 2016-yilda 806 tez tibbiy yordam stansiyasi va kichik stansiyasi faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, 2017-yilda bu ko‘rsatkich 2 ming 100 tani tashkil etayotgani aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va ko‘lamini yana oshirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga sohaga ajratilayotgan mablag‘larning maqsadli ijro etilishi ustidan samarali parlament nazorati o‘rnatish zarurligi qayd etildi.
Majlislar yakunlariga ko‘ra, Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2017-yil to‘qqiz oylik ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni tasdiqlash haqida qaror qabul qilindi.