O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Prezidenti AQSH Prezidentiga Nyu-York shahridagi terrorchilik harakati sababli ta’ziya izhor etdi
2017-11-01 | Siyosat
Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti
Donald Jon Tramp Janobi Oliylariga
Muhtaram Prezident Janoblari!
Nyu-York shahridagi terrorchilik harakati oqibatida begunoh kishilarning qurbon bo‘lgani munosabati bilan chuqur hamdardligimni qabul qilgaysiz.
Ushbu qabih va shafqatsiz jinoyatni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Biz har qanday shakl va ko‘rinishdagi ekstremizm va terrorizmni keskin qoralaymiz.
Sodir etilgan fojia zamonamizning bunday g‘ayriinsoniy xavf-xatarlariga qarshi kurashish yo‘lida butun xalqaro hamjamiyat sa’y-harakatlarini birlashtirish zaruratini yana bir bor tasdiqlaydi. O‘zbekiston ushbu terrorchilik harakatini surishtiruv ishlariga ko‘mak ko‘rsatish uchun bor kuch va vositalarini ishga solishga tayyor.
Biz Amerika Qo‘shma Shtatlari xalqi bilan har tomonlama birdam ekanimizni izhor etamiz.
Qurbon bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik tuyg‘ularimizni yetkazib qo‘yishingizni so‘rayman. Jarohat olganlarni esa tez fursatlarda sog‘ayib ketishini tilayman.
Qayg‘u bilan,
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti