O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

“Aqlli kutubxona”lar tizimini universitetda sinab ko‘rish jarayoni davom etmoqda

2017-11-01 | Texnologiyalar

«Har kimga ilmiy va texnikaviy ijod erkinligi,
madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi.
Davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanishiga g‘amxo‘rlik qiladi».
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, 42-modda.

Davlat va jamiyat taraqqiyotida yangi g‘oya va ixtirolarning, intellektual mulkning ahamiyati beqiyos. Bosh qomusimiz va qonunlarimizda intellektual mulkning huquqiy asoslari mustahkamlangan.

Yaratilgan qulay muhit va imkoniyatdan foydalangan tashabbuskor yoshlar tomonidan ilmiy izlanishlar, yangi loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabasi G‘ulomjon Nazarov tomonidan yaratilgan “Aqlli kutubxona” loyihasi kutubxonalar faoliyatini rivojlantirish, aholi, ayniqsa, yoshlar orasida kitobxonlikni targ‘ib etishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. 

– Bunday kutubxonalarda foydalanuvchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishda butun mamlakatimiz bo‘ylab yagona ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi, – deydi G‘.Nazarov. – Kitobxon qaysi kutubxonadan ro‘yxatdan o‘tishidan qat’i nazar, boshqa kutubxonalardan ham bemalol foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Buning uchun kitobxon guvohnomasida barcha kerakli ma’lumotlar saqlangan bo‘ladi. "Aqlli kutubxona"lardagi maxsus qurilmalar guvohnomadagi ma’lumotlarni o‘qib, o‘z kitobxonini tanib oladi. 

Bundan tashqari, “Aqlli kutubxona”larda kitob yetkazish uchun maxsus dronlardan foydalaniladi. Ularga berilgan ma’lumotlar orqali tezlik va yuqori aniqlik bilan kitob yetkazib beriladi. “Smart skaner”lar orqali esa kitobxon masofadan turib yagona nomdagi kitobni nusxalashi, hatto o‘ziga yuklab olishi mumkin. Loyihaning hayotga tatbiq etilishi kutubxonalar ishini osonlashtirishi bilan birga kitobxonlarga mablag‘ va vaqtni tejashga ham yordam beradi. 

Hozirgi kunda “Aqlli kutubxona”lar tizimini universitetda sinab ko‘rish jarayoni davom etmoqda. 

Universitetning yana bir talabasi Miroqil Yorqulov ham yangilik yaratishga ishtiyoqi baland yoshlardan. U “Qorovul” deb nomlangan milliy antivirus dasturini yaratdi. Bu dastur asosan tashqi xotira orqali yuqishi mumkin bo‘lgan kompyuter viruslaridan himoyalash uchun tuzilgan. M.Yorqulov shu dastur bilan 2013-yilda “BestSoftChallenge-2013” tanlovida “Kompyuter ilovalari bo‘yicha eng yaxshi ishlanma” nominatsiyasida birinchi o‘rinni egallagan. 

Talaba bo‘lish har bir abituriyentning eng katta orzusi va maqsadidir. Davlat test sinovlarining shaffofligini ta’minlash va haqqoniylik asosida test sinovlarini o‘tkazish nafaqat bilimlilarni saralab olishga, balki jamiyatda demokratik tamoyillarni mustahkamlashga ham xizmat qiladi. 

Miroqilning yana bir loyihasi test jarayonlarining odilona o‘tkazilishiga yo‘naltirilgan. U ilmiy izlanishi davomida davlat testlarini haqqoniy o‘tkazishni ta’minlashga xizmat qiladigan “TUIT biometrik qabul tizimi” dasturini yaratdi. Bu moslama imtihonga kirayotgan abituriyentlar shaxsini aniqlashga yordam beradi. “TUIT biometrik qabul tizimi” dasturi biometrik ma’lumotlarni fuqarolik pasportidan RFID chipi orqali o‘qib oladi va barmoq izi skaneri orqali abituriyentning o‘zi yoki boshqaligi haqida tekshiruvni o‘tkazadi. Bu qabul jarayonlarida abituriyentlar orasida shaffoflikni va davlat test sinovlariga bo‘lgan ishonchni yanada oshirishga xizmat qiladi. U yaratgan moslama joriy yilda o‘zi tahsil olayotgan oliy ta’lim dargohida bo‘lib o‘tgan davlat test sinovlari jarayonida muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazildi. 

– Yurtimizda yoshlarning qiziqishi bo‘yicha kasb-hunar tanlashi, salohiyati, iqtidorini to‘liq namoyon etishi uchun barcha imkoniyat yaratilgan, – deydi Miroqil Yorqulov. – Prezidentimiz tomonidan yoshlarga katta ishonch bildirilmoqda. Bu esa bizga yangi kuch-g‘ayrat bag‘ishlab, katta yutuqlarga erishishimizga zamin yaratadi. 

Ha, mazkur universitetda iqtidorli, izlanuvchan, yangilik yaratishga ishtiyoqi baland talabalar ko‘p. Yoshlarning intellektual salohiyatini yanada yuksaltirish va yuzaga chiqarish uchun barcha imkoniyat yaratilgan. Bu Bosh qomusimizda kafolatlangan yoshlarning huquq va manfaatlari himoyasiga, yurtimiz taraqqiyotiga xizmat qilmoqda.

 

Go‘zal Sattorova, O‘zA

Поделиться