O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Axborot xizmatlari faoliyati samaradorligining muhim omillari
2017-11-01 | Jamiyat
Poytaxtimizda O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi hamkorligida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari axborot xizmatlari xodimlari uchun seminar-trening tashkil etildi.
O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh direktori L.Tangriyev, O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori vazifasini bajaruvchi L.Suvonov va boshqalar “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturining 19-bandida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari axborot xizmatlarining faoliyati samaradorligini oshirish, ular oldiga tashkilotlar faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish, veb-saytlarini muntazam yangilab borish, jamoatchilik bilan aloqani ta’minlash kabi muhim vazifalar qo‘yilganini ta’kidladi.
– Ommaviy axborot vositalari o‘rtasida kuchli raqobat muhiti shakllanayotgani axborot xizmatlarini yanada faol ishlashga undamoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi axborot xizmati rahbari Shahriyor Mansurov. – Axborot xizmatlarining OAV bilan hamkorlik qilishida zamonaviy va izchil mexanizmlarni ishlab chiqish bugunning dolzarb vazifasiga aylangan. Mazkur tadbir shu kabi masalalar yechimiga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Tadbir ishtirokchilari davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida axborot ishining o‘ziga xos jihatlari, matbuot xizmatlarining asosiy maqsad va vazifalari, turli ommaviy axborot vositalari bilan ishlash prinsiplarini muhokama qilish, press-reliz tayyorlash qoidalari, matbuot anjumani va brifinglar o‘tkazish kabi qator masalalar bo‘yicha nazariy bilimlarga ega bo‘ladi.
Shuningdek, o‘quv davomida medialoyihalar tayyorlash, axborot xizmatlari faoliyatini tashkil qilishga doir qonunchilik sharhi, axborot xizmatlari tomonidan jamoatchilik va OAV vakillari uchun tadbirlar tashkil etishning samarali uslublari kabi masalalarda amaliy mashg‘ulotlar tashkil etiladi.