O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalq bilan muloqotning samarali usullari
2017-10-31 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida "Harakatlar strategiyasi doirasida ko‘zda tutilgan islohotlarning huquqiy bazasini takomillashtirishda O‘zLiDeP fraksiyasining ishtiroki" mavzuida matbuot anjumani tashkil etildi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xalqimiz turmush farovonligini yanada yaxshilash, yurtimiz taraqqiyotini ta’minlashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi. Bu jarayonga O‘zLiDeP va uning fraksiyasi munosib hissa qo‘shishga intilmoqda.
Harakatlar strategiyasida ko‘zda tutilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tizimli nazorat-tahlil faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Iqtisodiyot va Moliya vazirliklari, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi hamda ularning hududiy boshqarma va bo‘limlari faoliyati ustidan deputatlik nazorati olib borilmoqda.
“Urgut” erkin iqtisodiy zonasi, Yangiyer kichik sanoat zonasida tegishli o‘rganishlar amalga oshirildi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq takliflar tegishli mutassaddi tashkilotlarga kiritildi.
Xalq bilan muloqotni tizimli va samarali yo‘lga qo‘yish, qabul qilinayotgan huquqiy hujjatlar mohiyatini ochib berish va aholining qonun loyihalari muhokamasida faol ishtirok etishini ta’minlash maqsadida joriy yil avgust oyidan boshlab “Facebook” ijtimoiy tarmog‘ida fraksiyaning sahifasi ochildi. Unda onlayn muloqot yo‘lga qo‘yildi. O‘tgan davrda aholini o‘ylantirayotgan mingdan ortiq savolga javob qaytarildi.
Internet tarmog‘i orqali bog‘lanish imkoniyatiga ega bo‘lmagan aholi vakillari bilan bevosita aloqalar o‘rnatishga ahamiyat qaratilmoqda.
Anjumanda amalga oshirilgan ishlar bilan birga deputatlar tomonidan ilgari surilayotgan qonunchilik tashabbuslari hamda boshqa masalalar bo‘yicha ma’lumot berildi.
Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.