O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tibbiy xizmat: aholi roziligi–bosh maqsad
2017-10-31 | Jamiyat
Poytaxtimizdagi Yoshlar press-klubida mamlakatimiz tibbiyot sohasi istiqbollari, mavjud muammo va kamchiliklar muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 18-oktabr kuni sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda belgilab berilgan vazifalar ijrosi atroflicha tahlil qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri A.Shodmonov, sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari A.Xadjibayev, “O‘zfarmsanoat” aksiyadorlik konserni boshqaruvi raisining maslahatchisi J.Najmiddinov, “O‘zkimyofarm” AJ sifat va innovatsiya direktori B.Ikromov, xususiy klinika rahbari O.Muhiddinova va boshqalar tadbir ishtirokchilari hamda jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tibbiyot sohasini zamon talablari darajasida rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. So‘nggi bir yil mobaynida tizimdagi mavjud kamchiliklar tibbiyot muassasalarining amaliy faoliyati, aholi murojaatlari asosida atroflicha o‘rganilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan salmoqli ishlar amalga oshirildi. Xalqimiz roziligi yo‘lidagi bu ezgu sa’y-harakatlar samarasida malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va mahsuldorligi sezilarli ortmoqda.
Davra suhbatida dastlab O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov so‘z olib, davlatimiz rahbari joriy yilning o‘zida sog‘liqni saqlash masalasiga bag‘ishlab to‘rt marta yig‘ilish o‘tkazgani, ularda tizim faoliyatini tubdan isloh qilish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yaxshilash yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berilganini ta’kidladi. Prezidentimiz poliklinikalar rahbarlari va mutaxassislarining faoliyati bo‘yicha parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, biriktirilgan mahallalar va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari majlislarida hisobot berish amaliyotini rivojlantirish, tibbiy xodimlar mehnatini reyting baholash va moddiy rag‘batlantirish, vrachlar qabuliga masofadan turib yozilish imkonini beruvchi elektron tizimni joriy qilish bo‘yicha topshiriqlar berganini qayd etdi.
Davlatimiz rahbarining sohani yanada rivojlantirish, tibbiy xizmatlar ko‘lami va sifatini oshirishga qaratilgan 30 ga yaqin farmon va qarori qabul qilindi.
Shuningdek, Prezidentimiz viloyatlarga tashriflari chog‘ida tibbiyot muassasalari faoliyati bilan yaqindan tanishmoqda, shifokorlar bilan uchrashib, sohani takomillashtirish yuzasidan zarur ko‘rsatmalar bermoqda.
Tadbir ishtirokchilari bu yo‘nalishda qanday natijalarga erishilgani, mavjud muammolarni hal etish borasida yana nimalarga e’tibor qaratish lozimligi bilan qiziqdi.
– Ma’lumot uchun aytish joiz, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini takomillashtirishga oid qaror ijrosi doirasida 793 qishloq vrachlik punkti negizida qishloq oilaviy poliklinikasi, 441 tez tibbiy yordam shoxobchasi tashkil etildi, – dedi sog‘liqni saqlash vaziri A.Shodmonov. –Faoliyati tugatilgan 658 qishloq vrachlik punkti binolari xizmat uyi sifatida foydalanish uchun shifokorlarga berildi. Qishloq oilaviy poliklinikalarida 5 turdagi tor soha mutaxassislari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Joriy yilda oliy o‘quv yurtlarining bakalavriatura bosqichini bitirgan 3 mingdan ziyod yosh mutaxassisning qariyb 80 foizi birlamchi tizimga ishga yuborildi.
Sog‘liqni saqlash vaziri so‘zini davom ettirarkan, bu yil O‘zbekiston tibbiyoti uchun tarixiy yil bo‘lgani, sohaga ajratilayotgan mablag‘lar sezilarli o‘sib, xususiy sektor vakillariga keng imtiyozlar yaratilganini alohida qayd etdi.
Davolash muassasalari zamonaviy axborot-texnologiyalari, tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlanmoqda. Tez tibbiy yordam sifatiga, onalik va bolalikni muhofaza qilishga, aholi o‘rtasida tibbiy madaniyatni yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, tez tibbiy yordam xizmatini yanada takomillashtirish, skrining markazlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda ishlab chiqarilayotgan protez-ortopediya mahsulotlari, reabilitatsiya texnik vositalar sifatini yaxshilash masalalarida ta’sirchan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Soha mutaxassislari bergan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil mobaynida 1 ming 200 tez tibbiy yordam stansiyasi va kichik stansiyasi tashkil etilib, bugungi kunda ularning soni 2 ming 100 dan oshdi. Onalik va bolalikni muhofaza qilish masalasida izchil tadbirlar amalga oshirilmoqda. Yana bir e’tiborli jihat. Bu yil yuqumli kasalliklarga qarshi dasturiy emlashga mablag‘lar to‘laligicha davlat byudjeti hisobidan qoplandi. Bu maqsadga 2017 yil uchun 42,3 milliard so‘m mablag‘ ajratildi va o‘zlashtirildi. Emlash darajasi 99,5 foizni tashkil etdi. Pirovardida, mamlakatimizda o‘ta xavfli kasalliklar kuzatilmadi, onalar o‘limi sezilarli kamaydi.
Shuning bilan birga hali yechimini kutib turgan qator masalalar ham mavjud.
Tadbirda mutaxassislar Prezidentimiz yig‘ilishda haqli ta’kidlaganidek, aholini patronaj tizimi bilan to‘liq qamrab olish, kasalliklarni erta aniqlash, ularni o‘z vaqtida ro‘yxatga olish, davolash, profilaktik tadbirlarni o‘tkazish masalalarida bir butun tizim yaratilmaganini tilga oldi.
– Tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimida ham kamchiliklarimiz ko‘zga tashlanmoqda, – dedi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari A.Xadjibayev. – Ularda dori vositalari yetarli emas, tez tibbiy yordam uchun ajratilgan avtomashinalarning zarur jihozlanishini qoniqarli, deb bo‘lmaydi. Albatta, biz bu borada tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqdamiz. Vazifamiz mavjud kamchiliklarni bosqichma-bosqich, tez fursatlarda bartaraf etishdir.
Tadbirda sog‘liqni saqlash ob’ektlarida qurilish-ta’mirlash ishlari bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari sifati, xususiy tibbiyot sohasiga chet el investitsiyasi va yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish ishlari isloh qilinishi lozimligi aytib o‘tildi.
Vazir o‘rinbosari davlatimiz rahbari topshirig‘iga binoan shoshilinch va tez tibbiy yordam tizimini takomillashtirish bo‘yicha Prezident qarori ishlab chiqilayotganini ham qayd etdi.
– Dori vositalarini ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan erkin iqtisodiy zonalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgani o‘z samarasini berayotir, –dedi “O‘zfarmsanoat” aksiyadorlik konserni boshqaruvi raisining maslahatchisi J.Najmiddinov. – Ayni paytda yurtimizda faoliyat boshlagan 7 erkin iqtisodiy hududda tabiiy vositalardan dori-darmon ishlab chiqarilmoqda. Joriy yil “O‘zfarmsanoat” AK tomonidan 76 yangi mahsulot ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 3-maydagi “Nukus-farm”, “Zomin-farm”, “Kosonsoy-farm”, “Sirdaryo-farm”, “Boysun-farm”, “Bo‘stonliq-farm” va “Parkent-farm” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimizda farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirish, dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlari ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash orqali aholini arzon va sifatli dori-darmon bilan ta’minlashda keng imkoniyat yaratadi. Natijada o‘tgan qisqa vaqtda mahalliy xomashyo resurslarini bosqichma-bosqich chuqur qayta ishlash va tayyor iste’mol mahsulotlari nomenklaturasini kengaytirish tarmoqlari evaziga farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish 123,9 foizga o‘sdi.
Jurnalistlarni Prezidentimiz tashabbusi bilan chet el klinikalarida xizmat qilayotgan yurtdoshlarimiz, malakali mutaxassislarni Vatanimizga qaytarish masalasi qiziqtirdi.
Sog‘liqni saqlash vaziri bugunga qadar 50 dan ortiq mutaxassis yurtimizga qaytarilganini ta’kidlab, bu tashabbusning bergan natijalari haqida so‘zlab berdi.
Xususan, Ukrainadagi N.Amosov nomidagi yurak-qon tomir jarrohlik milliy institutining klinikasida sakkiz yildan beri faoliyat olib borayotgan Otabek Jumaniyozov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 5-yanvarda tibbiyot sohasi xodimlari bilan uchrashuvida bildirgan fikrlarini eshitib, yurtiga qaytib keldi. U hozirgi kunda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi Xorazm filialida faoliyat olib bormoqda. Otabek bugungi kungacha 150 ga yaqin murakkab kardioxirurgiya jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Kelgusi yilda bu ko‘rsatkich yana oshishi kutilmoqda.
Shuningdek, respublika ixtisoslashtirilgan markazlarining yetakchi soha vakillari, yuqori malakali xorijlik mutaxassislari bilan hududlarda chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar, mahorat darslari va eng murakkab hollarda operatsiyalar o‘tkazish topshirig‘i qo‘yilganini ta’kidladi.
Aytish joizki, tibbiy ixtisoslashgan markazlar faoliyatida amalga oshirilayotgan tub islohotlar yaxshi samara bermoqda. Sir emas, yaqin-yaqingacha aholi ayrim kasalliklarni davolash uchun va murakkab operatsiyalarga ehtiyoj sabab chet el klinikalariga murojaat qilardi. Endilikda bu masala ham bosqichma-bosqich ijobiy yechimini topmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizga chet ellik yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunga qadar mamlakatimizda 200 dan ortiq xorijlik mutaxassis ishtirokida eng murakkab jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli bajarildi.
Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorning roli oshirilayotgani tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmat turlarini yanada kengaytirishda muhim omil bo‘lmoqda.
– Bugun xususiy sektor tibbiyot sohasida muhim ahamiyat kasb eta boshladi, – dedi xususiy klinika rahbari O.Muhiddinova. – Bizga keng ko‘lamdagi imtiyozlar berilmoqda. Imtiyozli kreditlar ajratilmoqda, preferensiyalar taqdim qilinmoqda. Bular yordamida biz zamonaviy asbob-uskunalar xarid qilayapmiz. Yangi yo‘nalishlar ochilmoqda. E’tiborlisi, xususiy sektor vakillari tibbiyot yo‘nalishida nafaqat shaharlarni, balki qishloqlarni ham qamrab olmoqda.
Prezidentimizning 2017-yil 1-apreldagi "Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori asosida xususiy tibbiyot muassasalari 2022-yil 1-yanvargacha barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod etildi. Jamg‘arilgan mablag‘lar xususiy tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ish jarayoniga yuqori texnologik uskunalarni joriy etish va tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilashga zamin yaratadi.
– Prezidentimiz topshirig‘iga ko‘ra, xususiy tibbiyot muassasalarini qurish uchun yer maydonlari "nol" qiymatida berilishi, yuridik shaxslarning tibbiy faoliyatini litsenziyalash amaliyotidan voz kechilib, barcha tibbiyot muassasalarini bosqichma-bosqich akkreditatsiyadan o‘tkazish tizimi joriy qilinadi, – dedi sog‘liqni saqlash vaziri A.Shodmonov. – Bundan tashqari, xususiy tibbiyot muassasalari shifokorlari xorij davlatlarida malaka oshirishga yuboriladi.
Davra suhbati ishtirokchilariga hududlarda onalar va bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati haqida ham ma’lumot berildi.
Prezidentimiz haqli ta’kidlaganidek, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati hududlarda hali ham yetarli darajada emas. Shu bois viloyatlardan yuqori texnologik tibbiy yordam olish uchun Toshkent shahriga kelish aholi tomonidan ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.
Tadbirda mutasaddi vakillar ushbu muammolarni bartaraf etish maqsadida chora-tadbirlar amalga oshirilishi zarurligini ta’kidlab, bugungi kunga qadar viloyatlarda ishlash tashabbusi bilan chiqqan yetakchi mutaxassislardan 134 nomzod tanlab olingani qayd etildi. Ular viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari, jumladan, bolalar shifoxonalari, endokrinologiya, kardiologiya, silga qarshi, teri-tanosil dispanserlari, onkologiya markazi filiallari, yuqumli kasalliklar shifoxonalariga ishlash uchun yuborildi.
Barcha shahar va tuman tibbiyot birlashmalari shtat birligiga onalik va bolalikni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha boshliq o‘rinbosari lavozimini joriy qilish, birlashmalarda anesteziologiya va reanimatsiya bo‘limlari tashkil etilishi bu boradagi ishlar naqadar muhimligini ko‘rsatmoqda.
Mutaxassislar OITSga qarshi kurash markazlari va tumanlararo OITS diagnostika laboratoriyalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlash bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berdi.
Tadbirda mutaxassislar ichimlik suvi tizimini kimyoviy va bakterialogik laboratoriya tahlillaridan o‘tkazish, chet davlatlardan olib kirilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarini sanitariya-epidemiologik nazorat qilish tizimini takomillashtirish, ijtimoiy ahamiyatga ega preparatlarni ishlab chiqarishni tashkil etish kabi savollarga ham batafsil javob qaytardi.