O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Adolatli saylovlar – demokratiya belgisi
2017-10-30 | Saylov
24 dekabr – Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov kuni
Ma'lumki, 2017 yil 30 avgustda e'lon qilinib, shu kundan kuchga kirgan O'zbekiston Respublikasining “Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov to'g'risida”gi qonuniga ko'ra, yangi tashkil etilgan Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov – 2017 yil dekabrь oyi uchinchi o'n kunligining birinchi yakshanbasida, ya'ni 24 dekabrь kuni o'tkazilishi nazarda tutilgan. Ayni paytda ushbu saylovga tayyorgarlik ishlari qizg'in boshlab yuborilgan. Shu munosabat bilan saylovni o'tkazishga oid ba'zi demokratik printsiplar haqida fikrlashib olish maqsadga muvofiq.
O'zbekistonda adolatli fuqarolik jamiyati va demokratik huquqiy davlatni shakllantirish jarayonida adolatli va erkin saylovlar hal qiluvchi omillardan hisoblanadi. Zero, saylov demokratiyaning eng asosiy belgisidir. Aynan saylovlar vositasida xalq ommasi davlat ishlarini boshqarishda bevosita yoki bilvosita ishtirok etadilar.
Mamlakatimizda fuqarolarning davlat hokimiyatining vakillik organlariga saylovlarda, Prezidentlikka saylovlarda, referendum va umumxalq muhokamalarida faol ishtirok etishlari uchun to'la-to'kis huquqiy-tashkiliy shart-sharoitlar yaratilgan. Binobarin, qonunlarimizda ham fuqarolarning saylovlarda faol ishtirok etishlari uchun xalqaro andozalarga mos demokratik tamoyillar o'rnatilgan.
Saylov huquqiga oid umum e'tirof etilgan xalqaro printsiplar va andozalar Birlashgan Millatlar Tashkilotining 1948 yilgi “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”da, 1966 yilgi “Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi pakt”ida, 1963 yilgi “Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to'g'risidagi deklaratsiyasi”da, shuningdek, Parlamentlararo ittifoq Kengashining 1994 yilgi “Erkin va adolatli saylov printsiplari to'g'risidagi deklaratsiyasi”da va boshqa xalqaro hujjatlarda belgilangan. Bularga asosan saylov huquqi sohasiga taalluqli quyidagi printsip va huquqlar umume'tirof etilgan andozalar sifatida tan olinadi: umumiy saylov huquqi; teng saylov huquqi; to'g'ridan-to'g'ri saylov huquqi; yashirin ovoz berish yo'li bilan saylash; muntazam va majburiy saylovlar; ochiq va oshkora saylovlar; erkin saylovlar; haqiqiy saylovlar; adolatli saylovlar; saylovlarning mustaqil saylov komissiyalari tomonidan o'tkazilishi; saylovlar va saylov kampaniyasining davlat tomonidan moliyaviy ta'minlanishi; saylovlar va tashviqot faoliyatining davlat tomonidan axborot jihatdan qo'llab-quvvatlanishi; saylovlarda milliy va xalqaro kuzatuvchilarning ishtiroki, fuqarolarning o'z saylov huquqlari va erkinliklari buzilganligi ustidan shikoyat qilishi va buning uchun tegishli javobgarlikning ko'zda tutilganligi.
O'zbekistonning saylovlarga oid qonunlari ana shu xalqaro andozalarga to'la mos keladi. Buni biz aynan O'zbekiston Respublikasining saylovlarga oid qonunlari, avvalo O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi misolida ko'rib chiqishimiz mumkin. Konstitutsiyamizning 117-moddasida belgilanganidek, O'zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar. Har bir saylovchi bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, o'z xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi… Saylovlar umumiy, teng va to'g'ridan-to'g'ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo'li bilan o'tkaziladi.
Saylov kuni o'n sakkiz yoshga to'lgan O'zbekiston Respublikasi fuqarolari saylash huquqiga egadirlar. Bu saylov huquqining umumiyligi tamoyili hisoblanadi. Konstitutsiya va qonunlarda kimlar saylovlarda qatnasha olmasliklari ham aniq ko'rsatilgan. Ularga binoan sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek, sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum qilish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovlarda qatnashmaydilar. Saylov huquqining tengligi shunda ko'rinadiki, har bir saylovchi fuqaro bir ovozga ega, fuqarolar jinsi, irqiy va milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqei, ma'lumoti, mashg'ulotining turi va xususiyatidan qat'i nazar, teng saylov huquqiga egadirlar. Qonunlarimizga binoan O'zbekiston Respublikasi fuqarolarining saylov huquqini biron-bir tarzda bevosita yoki bilvosita cheklash taqiqlanadi.
Saylov huquqining umumiyligi, tengligi, to'g'ridan-to'g'riligi va yashirinligi haqidagi me'yorlar O'zbekiston Respublikasining 1995 yil 5 mayda qabul qilingan “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to'g'risida”gi qonunida ham to'liq belgilangan (qonunning 1-6-moddalari).
Teng saylov huquqi tamoyilida har bir fuqaro – saylovchi bir ovozga ega. Barcha turdagi saylovlarda hamma teng asoslarda qatnashadi. Har bir saylovchi ovoz berish uchun faqat bitta ro'yxatga kiritiladi. Siyosiy partiyalarga saylov oldi tashviqot yuritishi teng asosda tashkil etiladi.
To'g'ridan-to'g'ri saylov huquqiga binoan, saylovchilar O'zbekistonda Prezidentni saylashda ham, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarini saylashda ham, xalq hokimiyatining mahalliy vakillik organlariga deputatlar saylashda ham to'g'ridan-to'g'ri, ya'ni bevosita ishtirok etadilar.
Yashirin ovoz berish esa saylovchining o'z irodasini bildirish ustidan nazorat qilishga yo'l qo'ymaslikni nazarda tutadi. Qonunga binoan, saylov byulleteni ovoz beruvchi tomonidan yashirin ovoz berish kabinasi yoki xonasida to'ldiriladi. Saylov byulletenini to'ldirish vaqtida ovoz beruvchidan boshqa shaxslarning hozir bo'lishi taqiqlanadi.
Mamlakatimiz qonunchiligida saylovlarning muntazamligi va majburiyligi tamoyili ham o'rnatilgan. Bunga ko'ra, saylovlar qonunlarda aniq belgilangan muddatlarda muntazam va majburiy o'tkazilishi nazarda tutiladi. Jumladan, Asosiy Qonunimizning 117-moddasiga binoan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan
yilda – dekabrь oyi uchinchi o'n kunligining birinchi yakshanbasida o'tkaziladi.
Mamlakatimizda o'tkaziladigan barcha saylovlar ochiq va oshkoradir. Saylov komissiyalari fuqarolarni o'z ishlaridan, saylov okruglari, uchastkalari tuzilganligi, saylov komissiyalarining tarkibi, ularning joylashgan eri va ish vaqtidan voqif etadilar, saylovchilarning ro'yxatlari, saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning ro'yxati bilan tanishtiradilar, O'zbekiston Respublikasining ommaviy axborot vositalari saylovga tayyorgarlikning borishi va saylov qanday o'tayotganligini yoritib boradilar.
Mamlakatimiz qonunchiligida saylovlarning erkinligi printsipi shunda ifodalanadiki, fuqarolarning saylovda ishtirok etishi erkin va ixtiyoriydir. Hech kim ularning muayyan nomzod uchun “tarafdor” yoki “qarshi” ovoz berishga majbur qila olmaydi. Hech kimning fuqaroni saylovda ishtirok etishga yoki ishtirok etmaslikka majbur qilishga haqqi yo'q.
Mamlakatimizda haqiqiy saylovlar printsipini amalga oshirish uchun etarlicha huquqiy asoslar mavjud. Saylovlar xalqning erkin tarzda ifoda etiladigan xohish-irodasini aniqlaydi va uning bevosita ro'yobga chiqarilishini ta'minlaydi. Qonunlarimiz saylovchilarga nomzodlarni emin-erkin tanlash, saylash imkonini beradi. Hozirgi kunda yurtimizda chinakam siyosiy plyuralizm, fikrlar, g'oyalar xilma-xilligi va ko'ppartiyaviylik tizimi amal qilmoqda. Saylovlar ko'ppartiyaviylik asosida amalga oshirilmoqda. Zero, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarda respublikamizdagi qonuniy ro'yxatdan o'tgan hamma partiyalar – O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi, Adolat sotsial-demokratik partiyasi, Milliy-tiklanish demokratik partiyasi hamda O'zbekiston liberal-demokratik partiyasi tomonidan ilgari surilgan nomzodlarning teng ishtirok etishi to'la-to'kis kafolatlangan. Mamlakatimizda haqiqiy saylovlar o'tkazilishini ta'minlash maqsadida barcha nomzodlar va siyosiy partiyalarni ro'yxatga olish uchun teng huquqiy shart-sharoitlar yaratilgan.
O'zbekistonda adolatli saylovlar printsipi o'rnatilganligini quyidagilarda ko'rish mumkin: birinchidan, umumiy va teng saylov huquqining kafolatlanishida; ikkinchidan, har bir nomzod yoki har qaysi partiyaga saylov kampaniyasida ishtirok etish, shu jumladan ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng shart-sharoitlarning yaratib berilganligida; uchinchidan, saylovlarning, nomzodlar va siyosiy partiyalarning saylov kampaniyalarini adolatli va oshkora moliyalashtirilishida; to'rtinchidan, ovoz berish va ovozlarni sanab chiqish chog'ida halollikning ta'minlanganligida, saylov natijalarini to'la va aniq e'lon qilinishida; beshinchidan, saylov jarayonlarining mustaqil saylov komissiyalari tomonidan tashkil etilishi va ushbu komissiyalarning jamoatchilik va xalqaro kuzatuvchilar nazoratida ochiq va oshkora ishlashida; oltinchidan, saylov huquqlari va erkinliklari buzilganligi ustidan shikoyat qilish mumkinligi kafolatlanganligida va hokazo.
Respublikamizda saylovlar mustaqil saylov komissiyalari tomonidan o'tkaziladi. Saylovga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish, fuqarolarning saylov huquqlari va erkinliklarini ta'minlash va himoyalash hamda ularga rioya etilishini nazorat qilish vazifalari Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan vakolatlar doirasida faoliyat yuritadigan mustaqil saylov komissiyalari, ya'ni O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, okrug va uchastka saylov komissiyalari zimmasiga yuklatilgandir.
O'zbekiston saylov qonunchiligida saylovlarning va saylov kampaniyasining davlat tomonidan moliyaviy ta'minlanishi o'rnatilgan. Davlat saylov kampaniyasi bilan bog'liq barcha sarf-xarajatlarni o'z zimmasiga oladi. Qonunga binoan, saylovga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish bilan bog'liq hujjatlar O'zbekiston Respublikasining davlat mablag'lari hisobidan amalga oshiriladi. Nomzodlarni boshqa mablag'lar hisobidan moliyaviy ta'minlash va o'zga tarzda moddiy jihatdan qo'llab-quvvatlash taqiqlanadi.
Qonunga binoan O'zbekistonda davlat saylov, nomzodlar to'g'risidagi axborotni izlash, yig'ish va tarqatish erkinligini, saylov jarayonlarining ommaviy axborot vositalarida xolisona yoritilishini ta'minlaydi. Ommaviy axborot vositalari qonunga muvofiq aholini saylov, nomzodlar ko'rsatish, ularning saylovoldi dasturlari, saylov kampaniyasining borishi, ovoz berish yakunlari va saylov natijalaridan xabardor etib borish, o'z faoliyatini qonun, qonun hujjatlari va davlatning xalqaro majburiyatlari doirasida amalga oshirish uchun mas'ul hisoblanadi.
Davlat fuqarolar, nomzodlarga, tegishli tartibda ro'yxatdan o'tgan nomzodlarini ko'rsatgan siyosiy partiyalarga qonunda belgilangan tartib va muddatlarda qonun yo'l qo'yadigan har qanday shaklda va har qanday qonuniy yo'l bilan tashviqot faoliyatini amalga oshirishi erkinligini ta'minlaydi.
O'zbekiston saylov qonunchiligi saylovlarda milliy va xalqaro kuzatuvchilarning ishtirok etishi printsipini mustahkamlaydi. Saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda, qonunda belgilangan tartibda, har bir nomzod, har qaysi siyosiy partiyadan bittadan kuzatuvchi qatnashish huquqiga egadir. Xalqaro kuzatuvchilarning ishtiroki saylovlarning ochiq va oshkora o'tishiga, davlatning xalqaro majburiyatlarga rioya etilishiga ko'maklashadi.
Qonunlarimizda fuqarolarning o'z saylov huquqlari va erkinliklari buzilganligi ustidan mustaqil sudlarga shikoyat qilishi va buning uchun tegishli javobgarlik printsipi ko'zda tutilgan.
Shunday qilib, saylovga oid qonunlarimiz o'zining demokratik tamoyillari bilan xalqaro andozalarga to'la-to'kis mos keladi. Ishonch bilan aytish mumkinki, yangi tashkil etilgan Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov ham yuqoridagi printsiplarga og'ishmay amal qilingan holda Toshkent shahri fuqarolari tomonidan yuksak darajadagi uyushqoqlik va mas'ullik bilan o'tkaziladi.
Haydarali MUHAMEDOV,
TDYuU Davlat va huquq nazariyasi
va tarixi kafedrasi professori
“Toshkent oqshomi” gazetasi 26 oktyabrь 2017 yil.