O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
«INFOLIB–2017» VI Milliy axborot-kutubxona haftaligi boshlandi
2017-10-30 | Jamiyat
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida o‘rkazilayotgan tadbirda poytaxtimiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlardagi axborot-kutubxona muassasalaridan kelgan mutaxassislar, kitobxonlar qatnashmoqda.
O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh direktori L.Tangriyev, Milliy kutubxona direktori A.Abduazizov va boshqalar mamlakatimizda axborot-kutubxona sohasini rivojlantirish bilan birga yoshlarning kitobga bo‘lgan e’tiborini kuchaytirish, mutolaa madaniyatini yuksaltirish borasidagi keng qamrovli ishlar mazmun-mohiyatiga alohida to‘xtaldi. Bu jarayonda davlatimiz rahbarining 2017-yil 28-iyuldagi «Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risida»gi, 13 sentabrdagi «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida»gi qarorlari muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Mazkur hujjatlar ijrosi doirasida «Infolib – 2017» VI Milliy axborot kutubxona haftaligi O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi, Madaniyat, Sog‘liqni saqlash vazirliklari va boshqa qator tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad aholining axborot madaniyatini yuqori darajaga ko‘tarish, mutolaaga bo‘lgan e’tiborini oshirish, axborot-kutubxona foydalanuvchilariga internet orqali xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish va bu jarayonda kutubxonalarning ijtimoiy-madaniy rolini oshirishdan iboratdir.
Haftalikning ilk tadbirida O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh direktori L.Tangriyev soha mutaxassislari bilan muloqot qildi.
– Muloqot doirasida sohada mavjud muammolarni aniqlash va istiqboldagi ishlarni belgilab olish uchun yozma so‘rovnoma ham o‘tkazildi, – deydi Jizzax viloyati axborot-resurs markazi rahbari R.Odilova. – Shu bilan birga bugungi kunda hududlardagi axborot-kutubxona muassasalari kitob fondini muntazam boyitib borish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, mutaxassislar o‘quv-malakaviy salohiyatini oshirish, soha xodimlarini moddiy rag‘batlantirishdek dolzarb masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi. Bergan takliflarimiz mutasaddi tashkilotlar tomonidan axborot-kutubxona faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha 2018 yilda bajariladigan ishlar rejasiga kiritilishi ma’lum qilindi.
Muloqot «Betgerxonlik – 2017. Xalqaro kutubxona hamkorligi: yangi imkoniyatlar va rivojlanish istiqbollari» mavzuidagi ma’rifiy tadbir, «O‘zbek yozuvining XX asr tarixi» nomli kitob taqdimoti, O‘zbekiston xalq baxshisi A.Poyonov, O‘zbekiston xalq artisti X.Lutfullayev, shoira U.Abduazimova bilan ijodiy uchrashuvlarga ulanib ketdi.
Haftalik davomida «Axborot-kutubxona muassasasining eng yaxshi mutaxassisi – 2017», «Islom Karimov asarlari bilimdoni» tanlovlarining mamlakat bosqichi, she’riyat va musiqa kechalari, soha mutaxassislari va kitobxonlar uchun seminarlar, davra suhbatlari, treninglar, mahorat darslari hamda mamlakatimizdagi yetakchi nashriyotlar bilan hamkorlikda kitoblar yarmarkasi, ko‘rgazmalar, yoshlarning ma’naviy bilimini oshirishga yo‘naltirilgan tadbirlar, fan va madaniyat namoyandalari, san’atkor va ijodkorlar ishtirokida ijodiy uchrashuvlar o‘tkaziladi.