O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
«O‘zbektelekom» AK: Yangi tizim–yangi imkoniyatlar
2017-10-30 | Texnologiyalar
«O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasining ixtisoslashgan «Axborot tizimlari» filialida amalga oshirilayotgan loyihalar hamda ularning maqsad va ahamiyatiga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.
Tadbirda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish hamda ulardan foydalanishni kengaytirish yurtimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani ta’kidlandi.
«O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi kuzatuv kengashining 2017-yil 6-iyuldagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan mazkur filial qator muhim vazifalarni o‘z ichiga oladi. Xususan, axborot jarayonini samarali tashkil etish bo‘yicha kompaniya ijro apparati va filiallarida foydalaniladigan axborot tizimlarini yaratish, ekspluatatsiya qilish hamda yaxshilash, axborot texnologiyalari sohasini yagona tuzilmaga birlashtirish kabi vazifalarni bajaradi.
Filialni yaratishdan asosiy maqsad – vaqt, mehnat va biznes jarayonlarini tashkil etish uchun energiyani tejash yo‘li bilan operatsion samaradorlikni oshirish, ishlarni avtomatlashtirish, kompaniya va boshqa tashkilotlarning raqamli transformatsiyasini amalga oshirish hamda yirik milliy loyihalarni tatbiq qilishdan iborat. Ayni damda tashqi internet kanali iste’molini kamaytirish, uning tahlili va xususiy muqobil resurslarini yaratish orqali kontent generatsiyasiga o‘tish ishlari amalga oshirilmoqda.
– Hozir jamiyatning barcha faoliyat sohalariga raqamli texnologiyalarning keng kirib borishi jahon telekom operatorlari ko‘rsatayotgan xizmat paradigmalarini o‘zgartirishga majbur qilmoqda, – deydi kompaniyaning marketing va sotuvlar bo‘yicha direktori Yevgeniy Vishnevskiy. – «Elektron hukumat»ning barcha elementlarini joriy etib, iqtisodiyotni raqamli transformatsiyalash davrida kompaniyamiz zamonaviy talablarga javob berishi shart. Shu sababli mazkur filialni tashkil qildik. Bu esa yangi loyihalarni amalga oshirishga imkoniyat yaratadi.
Tadbirda qator yangi loyihalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.