O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ma’muriy sud sohasidagi xalqaro tajriba
2017-10-30 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalari oliy kengashi huzuridagi Tadqiqot markazida ma’muriy sudlar sudyalari uchun seminar-trening tashkil etildi.
Videokonferensiya tarzida o‘tkazilgan tadbirda vazirlik va idoralar rahbarlari, ma’muriy sudlar sudyalari, xalqaro ekspertlar guruhi, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Odil sudlov muammolarini o‘rganish bo‘yicha tadqiqot markazi direktori D.Oripov va boshqalar mamlakatimizda sud hokimiyatini inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga qodir mustaqil institut sifatida tashkil etishning maqsadli mexanizmlari joriy etilganini ta’kidladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mazkur yo‘nalishdagi ishlar bosqichma-bosqich demokratlashtirilib, sud-huquq sohasida tizimli islohotlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Prezidentimizning 2016-yil 21-oktabrdagi “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” hamda 2017 yil 21 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari asosida tizimdagi islohotlar yangi bosqichga chiqdi.
Ushbu farmonlarga muvofiq fuqarolik, jinoiy, ma’muriy va iqtisodiy sud ish yurituvi sohasidagi sud hokimiyatining yagona oliy organi – O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tashkil etildi. Xalqaro va milliy tajriba asosida faoliyat yuritayotgan ushbu institut tomonidan bugungi kunda jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va erkinliklarini buzuvchi xatti-harakatlar, qarorlar ustidan beriladigan shikoyatlar, notarius yoki FHDYo organlari tomonidan bajarilishi rad etilgan yoxud ularni noto‘g‘ri bajargani ustidan beriladigan shikoyatlar, prokurorning huquqiy hujjatni g‘ayriqonuniy deb topish to‘g‘risidagi arizasi, vakolatli organning jismoniy va yuridik shaxslar manfaatini ko‘zlab berilgan arizalari, davlat va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining hujjatni haqiqiy emas deb topish haqidagi arizalar ko‘rib chiqilayotir.
Seminar-trening ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ma’muriy nizolar va huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqish, sudyalarda me’yoriy-huquqiy hujjatlarni amaliyotda qo‘llash ko‘nikmasini shakllantirishga xizmat qilishi bilan muhim ahamiyatga ega.
Tadbirda Yaponiya va Koreya Respublikasi vakillari ma’muriy huquqda yuridik nazorat, qonunchilik protsessi, ma’muriy sud ish yuritishi, dunyo tajribasida ma’muriy sudlar faoliyati, ularning shakllanish bosqichlari, sudlov instansiyalarining o‘ziga xos xususiyatlari kabi mavzulardagi ma’ruzalar bilan ishtirok etdi.
– O‘zbekistonda sud ishi yuritishning samaradorligi va sifatini oshirish, odil sudlovga erishishni ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamdagi islohotlar olib borilmoqda, – dedi Nagoya universiteti professori Katsuya Ichixashi (Yaponiya). – Sudyalik lavozimiga tayinlash tizimi yanada takomillashtirilgani, sud-huquq sohasida xalqaro tajriba qo‘llanilayotgani tizimni yanada demokratlashtirish imkonini bermoqda. Bunda O‘zbekistonning keyingi besh yildagi taraqqiyot yo‘li belgilab berilgan Harakatlar strategiyasidagi vazifalar ijrosining o‘z vaqtida va muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani muhim omil bo‘lmoqda.
Anjumanda ishtirokchilar ijro hokimiyati qonuniyligi, sudlov tizimi faoliyati, ma’muriy qarorlar xususiyatlari va ijrosi, fuqarolar huquqiy manfaatlarining qamrab olinganlik darajasi kabi mavzulardagi savollarga javob oldi.