O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sog‘liqni saqlash tizimi: yutuq va vazifalar
2015-04-02 | Jamiyat
Poytaxtimizda mamlakatimiz sog'liqni saqlash tizimida erishilgan yutuqlar va istiqboldagi vazifalarga bag'ishlangan ikkinchi respublika milliy kongressi boshlandi. Unda olimlar, shifokorlar, tadqiqotchilar, xorijiy davlatlardan kelgan mutaxassislar ishtirok etmoqda.
O'zbekiston sog'liqni saqlash vazirining birinchi o'rinbosari A.Xudoyorov, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti rektori J.Sobirov va boshqalar inson salomatligini asrash, sog'lom va barkamol avlodni tarbiyalash, zamonaviy tibbiy yordamni aholining barcha qatlamiga yetkazish mamlakatimizda tibbiy-ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo'nalishini tashkil etishini ta'kidladi.
Prezidentimiz Islom Karimovning 1998-yil 10-noyabrdagi «O'zbekiston Respublikasi sog'liqni saqlash tizimini isloh qilish davlat dasturi to'g'risida»gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo'lmoqda. Ushbu davlat dasturida belgilangan vazifalar hayotga izchillik bilan tatbiq etilishi natijasida mamlakatimiz sog'liqni saqlash tizimida eng yuksak talablarga javob beradigan birlamchi tibbiy-profilaktika, shoshilinch va tibbiy yordam ko'rsatish bo'yicha ixtisoslashtirilgan markazlarni o'z ichiga olgan tibbiyot muassasalarining mukammal tarmog'i yaratildi.
«Sog'lom ona – sog'lom bola» tamoyili asosida keng ko'lamli chora-tadbirlar amalga oshirilayotir. Buning natijasida jahon tibbiyotining eng ilg'or amaliyotlari – ona va bola skrining hamda perinatal xizmatlar tarmog'i mamlakatimiz tibbiyotida mustahkam o'rin egalladi.
Soha uchun malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish ham doimiy e'tiborda. Bugungi kunda Toshkent tibbiyot akademiyasi, oltita tibbiyot oliy o'quv yurti va ularning yettita filialida malakali kadrlar tayyorlanmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2014-yil 22-iyuldagi «Toshkent davlat stomatologiya institutini tashkil etish to'g'risida»gi qarori tibbiy ta'lim sifati va samaradorligini yanada yuksaltirish, yuksak bilim va intellektual salohiyatga ega mutaxassislar tayyorlash tizimini takomillashtirishga xizmat qilayotir.
Mamlakatimiz tibbiyot ilmi ham izchil rivojlanmoqda. Turli yo'nalishlar bo'yicha shakllangan ilmiy maktablarda tibbiyotning dolzarb masalalariga bag'ishlangan ilmiy izlanishlar amalga oshirilayotir. Yaratilayotgan ilg'or texnologiyalar profilaktika, diagnostika, davolash ishlari sifati va samaradorligini oshirish va ko'lamini yanada kengaytirishda muhim omil bo'lmoqda.
Kongress doirasida tibbiyotning turli yo'nalishlarida erishilayotgan yutuqlar bo'yicha mamlakatimiz va xorijlik olimlar ishtirokida mahorat saboqlari o'tkaziladi. Ushbu darslarda kasalliklarni davolashda dalillarga asoslangan tibbiy tamoyillar, dori vositalarini to'g'ri qo'llash va nojo'ya ta'sirining oldini olish yuzasidan fikr almashiladi.