O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Kompyuter ekspertizasi joriy etiladi
2017-10-30 | Texnologiyalar
Mamlakatimiz sud espertiza tizimiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilmoqda.
Zero, taraqqiyot yangi marralarni zabt etgani sari jinoyatchilikning yangi turlari ham paydo bo‘lmoqda. Masalan, kiberjinoyatchilikni ochish uchun sud-ekspertlar eng so‘nggi rusumdagi kompyuter texnikasi va dasturiy mahsulotlarga ega bo‘lishi shart.
Bu masalaga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 8-fevraldagi “Qonun hujjatlarini tarqatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida alohida e’tibor qaratilgan. Shu maqsadda Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-apreldagi «O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi faoliyatini yanada takomillashtirish hamda sud ekspertlarining malakasini oshirish tizimini tashkil qilish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Mazkur hujjatlar ijrosi doirasida ayni paytda kompyuter ekspertizasini amaliyotga joriy etish ustida ish olib borilmoqda. Bu kompyuterlar yordamida qilingan jinoyatlarni fosh etishda muhim o‘rin tutadi.
Poytaxtimizda “Sud ekspertizasi faoliyatida axborot texnologiyalarini qo‘llashning ahamiyati” mavzuida tashkil etilgan ilmiy-amaliy konferensiyada shu haqda so‘z yuritildi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining o‘rinbosari A.Toshqulov, X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi direktori U.Uzoqov va boshqalar mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida sud ekspertizasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Ushbu sohaning zamonaviy texnik baza, yuqori aniqlikdagi tahlil vositalari bilan jihozlanishi adolat qaror topishida muhim o‘rin tutadi. Shu maqsadda sud ekspertizasi markazining yangi binosi bunyod etildi va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta’minlangan holda ishga tushiriladi.
O‘zbekistonda fan va texnikaning izchil taraqqiyotiga mos ravishda sud ekspertizasining ham barqaror rivojlanishi kuzatilmoqda. Respublika sud ekspertiza markazida Odam DNKsi sud biologik ekspertizasi hamda Materiallar, ashyolar va buyumlar kriminalistik ekspertizasi kabi laboratoriyalar samarali faoliyat yuritmoqda. Ularning xalqaro ilmiy-texnik talablarga mosligini ta’minlagan holda xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish ustida ish olib borilmoqda.
Sud ekspertiza markazida 44 turdagi ekspertiza amalga oshiriladi. Ulardan oltitasi keyingi besh yilda amaliyotga joriy etilgan. Jumladan, sud-siyosatshunoslik lingvistika ekspertizasi davlat siyosatini turli xurujlardan himoyalashga xizmat qiladi. Tashqi savdo faoliyatining sud-iqtisodiy ekspertizasi iqtisodiyotni himoyalashga qaratilgan. Sud-avtomobil yo‘llari ekspertizasi yo‘llarda sodir bo‘lgan turli noxush holatlarda shu yo‘lning talabga javob bermagani va bunda mas’ul shaxslarning javobgarligini aniqlashtirishda ko‘maklashadi. Ko‘chmas mulk ob’ektlarining qiyosiy yondashuv usulidan foydalangan holda qiymatini aniqlash ekspertizasi ko‘chmas mulk bilan bog‘liq nizolarda adolatli yechim topilishiga yordam beradi. Sud-filologiya espertizasi orqali ko‘chirmakashlikka chek qo‘yish mumkin. Sud-ekologiya ekspertizasi atrof-muhit himoyasida muhim o‘rin tutadi.
Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi, Ichki ishlar vazirligining Ekspert-kriminalistika bosh markazi, Sog‘liqni saqlash vazirligining Sud-tibbiy ekspertiza Bosh byurosi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va boshqa idoralar vakillari, soha mutaxassislari ishtirok etgan tadbirda sud-tibbiy ekspertiza bosh byurosida amalga oshirilayotgan ishlar, tergov organlari va ekspertiza muassasalari idoralararo faoliyatini elektron-axborot tahliliy kommunikatsiya texnologiyalari asosida takomillashtirish, kriminalistikada fototasvir va videotasvirga raqamli ishlov berish, sud ekspertiza faoliyatiga kompyuter texnikasi va texnologiyalarni tatbiq etish istiqbollariga oid ma’ruzalar tinglandi.