O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Korrupsiyaga qarshi kurashishda samarali tizim
2017-10-28 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida “Ichki audit va moliyaviy nazorat bo‘yicha davlat idoralarining o‘zaro hamkorligini joriy etish” mavzuida seminar-trening o‘tkazildi.
Bosh prokuratura hamda Davlat mablag‘larini boshqarishni o‘zaro o‘rganish va tajriba almashish hamjamiyati (PEMPAL) hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi a’zolari, vazirlik va idoralar mutasaddilari, Bosh prokuratura huzuridagi Departament va Majburiy ijro byurosi xodimlari, mahalliy va xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari E.Yo‘ldoshev va boshqalar davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaning oldini olishda ichki va tashqi auditni faollashtirish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish ishlari jadal amalga oshirilayotgani qayd etildi. O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni bu boradagi ishlarni samarali davom ettirishda huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Seminarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy maqomi mustahkamlanayotgani, xususan, Harakatlar strategiyasi doirasida milliy qonunchilik yanada takomillashtirilayotgani qayd etildi.
– Korrupsiya holatlariga barham berish taraqqiyot va barqaror rivojlanish kafolatidir, – deydi Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi eksperti Nodira Zikrillayeva. – Bu moliyaviy mablag‘larni samarali sarflashning zamonaviy nazorat tizimini takomillashtirish va sohada faoliyat yuritayotgan xodimlar malakasini muntazam oshirib borishni taqozo etadi. Seminarda xorijiy ekspertlar moliyaviy nazorat instituti – ichki nazorat va davlat auditining xalqaro standartlari hamda ilg‘or tajribalari haqidagi ma’ruzalar bilan qatnashdi.
Ushbu tadbir davlat mablag‘larini boshqarishda ilg‘or xalqaro amaliyotni o‘rganish, xorijlik ekspertlar bilan o‘zaro fikr almashish imkonini berdi.