O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga davlat tashrifi ommaviy axborot vositalari nigohida

2017-10-28 | Siyosat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga davlat tashrifi xorijiy ommaviy axborot vositalari e’tiborida bo‘ldi. Jurnalistlar va ekspertlarning fikricha, mazkur davlat tashrifi tarixiy ahamiyatga ega va O‘zbekiston tashqi siyosatidagi prinsipial o‘zgarishlardan dalolat beradi. Davlat tashrifi davomida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, turizm, transport, logistika, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilingani ta’kidlangan. 

TRT telekanali (trt.net.tr)ning xabar berishicha, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on Toshkent har tomonlama strategik ahamiyatga ega hamkor ekani, aholisi 32 million bo‘lgan O‘zbekiston tabiiy gaz zaxirasi bo‘yicha dunyoda yettinchi o‘rinda, uran zaxirasi bo‘yicha to‘rtinchi, paxta yetishtirish bo‘yicha oltinchi va uning eksporti bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turishini ta’kidlagan. Shunga qaramasdan, ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlar ko‘lami kutilgan darajada emas, 2016-yil yakuniga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1,2 milliard dollarni, joriy yilning sakkiz oyida esa 900 million dollarni tashkil qilgan. 

Turkiya Prezidenti turkiy va islom sivilizatsiyasi ikki qadimiy o‘chog‘ining madaniy yaqinlashuvi katta ahamiyatga ega ekanini qayd etgan. Ikki davlat idoralari rahbarlariga o‘zaro hamkorlikni yuksak darajada rivojlantirish vazifasi topshirilgani, O‘zbekiston ham yaqinlashuv uchun xuddi shunday qat’iyat ko‘rsatayotganidan mamnun ekani, Imom Buxoriy va Imom Moturidiy institutlarining samarali faoliyat yuritishiga ishonishini ta’kidlagan. 

Markaziy Osiyoning ca-news.org yangiliklar xizmati Turkiya Prezidentining davlat rahbarlari darajasidagi uchrashuvi 20 yillik tanaffusdan so‘ng tashkil etilgani, shu bois tashrif juda muhim ahamiyatga egaligi, delegatsiyalar o‘rtasidagi muzokaralardan avval Shavkat Mirziyoyev bilan tor doirada muloqot qilingani va u juda samarali bo‘lgani haqidagi so‘zlarni keltirgan. 

Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdo‘g‘on ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan uchrashuvda muzokaralar o‘zaro anglashuv va hurmat ruhida o‘tgani, imzolangan hujjatlar esa ikki mamlakat o‘rtasidagi uzoq istiqbolli hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar. 

"Milliyet" (milliyet.com.tr) nomli turk nashri O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga davlat tashrifi tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, Anqara va Toshkent o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini qayd etgan. 

«Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimini bajarishga qariyb bir yil oldin kirishdi. Xalqaro kuzatuvchilar xulosasiga ko‘ra, O‘zbekiston so‘nggi 10 yil davomida Markaziy Osiyo hamda Yevroosiyoning eng jadal rivojlanayotgan davlatiga aylanadi, aholi jon boshiga yalpi ichki mahsuloti shiddatli sur’atlarda o‘sadi», dedi Turkiyaning Kappadokiya universiteti o‘qituvchisi, professor Hasan Ali Qarasar "Anado‘lu" agentligiga bergan intervyusida. 

Ekspertning fikricha, ikki mamlakatning o‘zaro hamkorligi hozirgacha kutilgan darajada emas, lekin davlat rahbarlari bunga erishish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda. Professor ikki mamlakat Prezidentlari Samarqand, Pekin, Ostona hamda Nyu-Yorkda bo‘lgan keng ko‘lamli xalqaro tadbirlar doirasida uchrashuvlar o‘tkazganini ta’kidlagan. Bu esa Turkiya va O‘zbekistonning kelgusida ham o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga alohida ahamiyat berishini bildiradi. 

Professor ikki mamlakat o‘rtasida nafaqat o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, balki turizm, qishloq xo‘jaligi, tog‘-kon sanoati va aviatsiya sohalarida ham hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan ishlar rejasi atroflicha ishlab chiqilganini qayd etgan. «Shuning uchun Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga davlat tashrifi katta ahamiyat kasb etadi, deya olaman. Bu tashrifni tarixiy deb hisoblaymiz, zero, u o‘zaro munosabatlarning kelgusi 5-10 yillik istiqbollarini belgilab berdi», degan Hasan Ali Qarasar. 

365info.kz axborot-tahlil portali Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga davlat tashrifi hamda muzokaralar yakunida imzolangan shartnomalar har ikki mamlakat iqtisodiy rivojiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi, deb hisoblaydi. Sayt tahlilchilarining fikriga ko‘ra, Toshkent va Anqara uchun iqtisodiy hamkorlik masalasi birinchi darajali ahamiyat kasb etadi. Turkiya O‘zbekistonning an’anaviy va muhim savdo sheriklaridan biridir. 2000-2016-yillarda o‘zaro savdo hajmi yetti barobar oshgan. 

Ikki mamlakat aviakompaniyalari birgalikda parvozlar soni va hududini muntazam kengaytirgan holda faol hamkorlik qilishmoqda. Masalan, Samarqand va Istanbul shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shu munosabat bilan Turkiyaning O‘zbekiston bozoriga kiradigan sarmoyadorlari va kompaniyalari safi kengaymoqda. Internet nashr Turkiyaning qator sarmoyadorlari O‘zbekistonda elektrotexnika, oziq-ovqat, to‘qimachilik, charm-poyabzal va farmatsevtika sohalari, qurilish materiallari sanoatida qo‘shma korxonalar ochishga tayyorgarlik ko‘rmoqda, deb yozgan. 

Ozarbayjonning «Yangi davr» internet gazetasi (yenicag.ru) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Anqarada yuksak ehtirom bilan oliy darajada kutib olishganiga alohida e’tibor qaratgan. Turkiya Respublikasi Prezidenti saroyida O‘zbekiston rahbari sharafiga faxriy qorovul saf tortgan. Ikki davlat Prezidentlari muzokaralaridan so‘ng jurnalistlar uchun brifing o‘tkazildi. 

Ekspertlar Shavkat Mirziyoyevning tashrifi g‘oyat samarali bo‘lganini ta’kidlagan. O‘zbekiston rahbarining Turkiyaga davlat tashrifi natijasida ikki mamlakat strategik sherikka aylanadi, deb hisoblash mumkin. 

«Sputnik» yangiliklar portali (ru.sputnik-tj.com) Shavkat Mirziyoyev hali O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi bo‘lgan kezlardayoq Turkiya bilan aloqalarni faollashtirishga kirishganini ta’kidlagan. 2016-yil noyabr oyida Samarqandda Rejep Tayyip Erdo‘g‘on bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda tomonlar ikki davlat hamkorligini rivojlantirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqishga kelishib olgan. 

Bundan tashqari, transport kommunikatsiyalarining tranzit salohiyatini rivojlantirish, xususan, ikki davlatni bir-biri bilan bog‘laydigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri transport yo‘lagi bo‘ladigan "Boku – Axalkalaki – Qars" temiryo‘l liniyasiga alohida e’tibor qaratilgan. 

Hamkorlikning yana bir ustuvor yo‘nalishi sifatida turizm qayd etilgan. Xususan, Turkiya kompaniyalari O‘zbekistonning tarixiy shaharlarida zamonaviy mehmonxona majmualari qurish, shuningdek, sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish va soha uchun mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha loyihalar ishlab chiqmoqda. 

«O‘zmetronom» axborot portali (uzmetronom.com) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Turkiyaga davlat tashrifi, Shavkat Mirziyoyevning qo‘shni mamlakatlar bilan yaqinda o‘tkazgan muzokaralari kabi O‘zbekistonning tashqi siyosatida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlardan yana bir dalolat beradi, deb ta’kidlagan. 

Ikki tomonlama siyosiy va iqtisodiy manfaatlarning xolis tamoyillari O‘zbekiston uchun nihoyatda qisqa muddatda nafaqat qo‘shni, balki uzoq xorijiy mamlakatlar bilan ham o‘zaro ishonchni tiklash imkonini berdi. Rasmiy Toshkent sheriklariga barcha sohalarda o‘zaro manfaatli asosda, bir-birlarining manfaatlarini hurmat qilgan holda keng ko‘lamli hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirmoqda. 

Поделиться