O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Rag‘bat mas’uliyatni oshiradi
2015-04-02 | Jamiyat
Prezidentimiz tashabbusi bilan ta'sis etilgan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti madaniyat, sport, san'at, ta'lim va adabiyot yo'nalishlarida iste'dodli qizlarni kashf etish, ularni yangi yutuqlar sari rag'batlantirishda muhim omil bo'lmoqda.
Navoiy viloyatida 15 nafar iste'dod sohibasi davlatimizning ana shu yuksak mukofoti bilan taqdirlangan. Joriy yilda ular qatoriga Uchquduq konchilik kasb-hunar kollejining 2-bosqich o'quvchisi Iroda Jumanova ham qo'shildi.
Iroda bolaligidan sportga mehr qo'ydi. Kurashchi tog'asining xalqaro turnirlardagi g'alabasi uning qiziqishini yanada oshirdi. Tog'asidek kurashchi bo'lishga ahd qilgan Iroda Uchquduq shahridagi "Lochin" sport majmuasida tashkil etilgan dzyudo to'garagiga qatnay boshladi.
– Mamlakatimizda yoshlarning o'zi yoqtirgan sport turi bilan muntazam shug'ullanishi uchun zamonaviy sharoitlar yaratib berilgan, – deydi Iroda. – Men ham ko'plab tengdoshlarim qatori shu imkoniyatlardan samarali foydalanishga harakat qilmoqdaman. Besh yildan beri ushbu sport turi bilan muntazam shug'ullanaman. Bu yil Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga loyiq ko'rilganim menga cheksiz quvonch bag'ishlashi bilan birga, zimmamga katta mas'uliyat yuklashini yaxshi bilaman.
Sport bilan jiddiy shug'ullangan Iroda Jumanova mamlakat va xalqaro miqyosda bir qator yutuqlarni qo'lga kiritdi. O'zbekiston chempionati, ko'plab xalqaro turnirlar g'olibi va sovrindori bo'ldi. U ayni paytda dzyudo bo'yicha O'zbekiston ayollar terma jamoasi a'zosidir.
– Har bir sportchi kabi men ham yuksak g'alabalarga erishishni istayman, – deydi u. – Har gal gilamga chiqqanimda g'olib bo'lishga astoydil harakat qilaman. Shunday kezlarda Prezidentimizning biz, yoshlarga bildirgan yuksak ishonchi, biz hech kimdan kam emasmiz va hech qachon kam bo'lmaymiz ham, degan da'vatlari kuchimga kuch qo'shib, g'alabaga bo'lgan ishonchimni oshiradi.