O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
"Elektron hukumat" tizimida xavfsizlikni ta’minlash muhokama markazida bo‘ldi
2017-10-27 | Texnologiyalar
Bugun poytaxtimizda "elektron hukumat" tizimida axborot xavfsizligi muammolari va ularning yechimlariga bag‘ishlangan respublika seminari tashkil qilindi. Tadbirda davlat boshqaruvi organlarining bevosita mazkur yo‘nalishga mas’ul 100 dan ziyod mutaxassislari qatnashdilar.
Respublika seminari Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, UNICON.UZ Markazi hamda O‘zbekiston radiotexnika, elektronika va aloqa ilmiy-texnika jamiyati hamkorligida tashkil qilindi.
Jamiyat axborotlashuvi, ma’lumot va xizmatlarning, faoliyatning onlayn tarmoqqa ko‘chayotgani o‘z o‘rnida tizimlar va ma’lumot bazalarining xavfsizligini ta’minlash, me’yoriy-huquqiy bazani bugungi elektron munosabatlarga muvofiqlashtirishni taqozo qiladi. Seminar bu yo‘nalishda amalga oshirish zarur chora-tadbirlarni, mavjud muammo va kamchiliklarni mutaxassislar bilan hamkorlikda muhokama qilish, ularning yechimlarini izlash, strategik maqsad va takliflarni to‘plashni maqsad qilgan.
Bir kunlik seminarda axborot xavfsizligi sohasida tartibga soluvchi me’yoriy-huquqiy hujjatlar, axborot tizimlari va resurslarini axborot xavfsizligi hodisalari bo‘yicha monitoringi, faoliyatni himoya qilish, axborot tizimlarini himoyalashning algortimik modellari, Markaziy Osiyoga tahdid solayotgan axborot xurujlari, biometrik kriptotizimlarning muammolariga bag‘ishlangan 15 ta taqdimot tinglandi.
Shuningdek, tadbirda davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining "ict.nis.uz" tizimidagi axborot xavfsizligi holatining 2017 yil III chorak natijalari e’lon qilindi.
Seminar yakunida ishtirokchilarning fikr-mulohazalari tinglanib, taqdimotlarda ko‘tarilgan muammo va masalalar yechimiga oid qarorlar qabul qilindi.