O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Bugun tennis Farg‘ona yoshlarining sevimli sport turlaridan biriga aylandi

2017-10-27 | Sport

Mamlakatimizda navqiron avlodning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun qulay sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani tufayli yurtimizda Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan sport turlari, jumladan, tennis ham tobora ommalashmoqda. 

Tennis bugun yoshlarimizning sevimli sport turlaridan biriga aylangan. Xalqaro musobaqalarda Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarayotgan Denis Istomin, Farrux Do‘stov, Temur Ismoilov, Jo‘rabek Karimov, Nigina Abduraimova, Sabina Sharipova, Kamola Umarova kabi mohir tennischilarga havas qilib, ushbu sport sirlarini o‘rganishga bel bog‘lagan yoshlar safi kundan-kunga kengayib bormoqda. Ularning tennis bilan shug‘ullanishi uchun barcha sharoit yaratilayotir. Ayni paytda mamlakatimizda 25 mingdan ziyod yigit-qiz tennis bilan muntazam shug‘ullanmoqda. 

Farg‘ona viloyat sport o‘yinlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabining tennis bo‘limida tarbiyalanayotgan iqtidorli sportchilar Vatanimizning jahon sport arenalaridagi obro‘-e’tibori yanada yuksalishiga munosib hissa qo‘shmoqda. 

Ushbu maktab dastlab Farg‘ona tennis maktabi sifatida 1995-yil tashkil etildi va “Istiqlol” tennis majmuasi qurildi. 2012-yil majmuaga viloyat bolalar va o‘smirlar olimpiya zaxiralari tennis sport maktabi maqomi berildi. 

2016-yil 1-martdan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 11-dekabrdagi “Bolalar-o‘smirlar sport maktablari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan viloyat bolalar va o‘smirlar olimpiya zaxiralari tennis sport maktabi, viloyat bolalar va o‘smirlar olimpiya zaxiralari sport o‘yinlari maktabi va “Kimyogar” kompleks bolalar va o‘smirlar sport maktablari negizida Farg‘ona viloyat sport o‘yinlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi tashkil etildi, unda qator sport turlari, jumladan, tennis bo‘limi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 

Hozirgi kunda mazkur bo‘limda 165 sportchi tennis bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqda. 

– Farg‘ona viloyat hokimligi va viloyat tennis federatsiyasi bilan hamkorlikda faoliyat ko‘rsatayotgan “Istiqlol” tennis majmuasida mashg‘ulotlar va musobaqalar o‘tkazish uchun barcha sharoit yetarli, – deydi maktab direktori Sobirxo‘ja Saidxo‘jayev. –Shuningdek, mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun tennis devori, maydoni mavjud. Sportchi-o‘quvchilar uchun 300 metrlik yugurish yo‘lagi asfalt qoplamasi yotqizilib, qayta qurildi. 

– Ustozlarimiz biz, yoshlarda sportchilik salohiyatini shakllantirishga alohida e’tibor qaratadi, – deydi yosh tennischi Jamshid Rajabov. – Mashg‘ulotlar davomida tennisning muhim jihatlari – sezgirlik va chaqqonlik, tez qaror qabul qila olishni o‘rgatadi. Bu xislatlar sportchi uchun juda zarur. Biz kelajakda nufuzli musobaqalarda g‘olib chiqib, yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishga ahd qilganmiz. 

– Maktabimizda tennischilarimizning malakasini yanada oshirish uchun ikki yillik "Sportda kamolotga erishish" o‘quv-mashq guruhi tuzilgan, – deydi murabbiy Diyorbek Yo‘ldoshev. – Biz murabbiylar mashg‘ulotlar vaqtida yosh sportchilarga yugurish, o‘yin taktikasi, tezkorlik kabi qator mashqlarni o‘rgatish bilan bir qatorda ularning nazariy bilimlarini ham oshirib boramiz. 

Har yili O‘zbekiston tennis federatsiyasi va Xalqaro tennis federatsiyasining taqvim rejasi asosida «Istiqlol» tennis majmuasida 4 ta yirik xalqaro turnir – erkaklar o‘rtasida «Fergana Challenger», xotin-qizlar o‘rtasida «Fergana Women's», 18 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida «Fergana CUP» va 14 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar hamda qizlar o‘rtasida «Fergana ATF» xalqaro turnirlari bilan bir qatorda 13 ta respublika miqyosidagi musobaqalar o‘tkazilishi an’anaga aylangan. 

Bugungi kunda tennis maktabi bitiruvchilaridan Bobur Komiljonov, Qodirjon Odilov, Shahzoda va Shahnoza Hotamovalar, Sarvinoz Saidxo‘jayeva qator yirik turnirlarda muvaffaqiyatli qatnashib kelmoqda. 

Xususan, S.Saidxo‘jayeva xalqaro maydondagi ilk g‘alabasiga 2011-yil Malayziyada o‘tgan xalqaro turnirda erishdi. Shundan so‘ng, ko‘plab nufuzli turnirlarda munosib ishtirok etdi. 2012-2015-yillarda O‘zbekiston, Bangladesh, Hindiston, Qozog‘iston, Tailand singari qator davlatlarda o‘tkazilgan ITF musobaqalari taqvimiga kiruvchi xalqaro turnirlarning yakkalik va juftlik bahslarida sovrindor bo‘ldi. 

2015-yil Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi bo‘lgan Sarvinoz Farg‘ona shahrida o‘tgan talaba-yoshlarning “Universiada – 2016” sport musobaqalarining tennis bo‘yicha bahslarida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Musobaqaning aralash juftlik bahslarida Odil Akramov bilan birga birinchi o‘rinni egalladi. Joriy yilda Xitoy Taypeyida bo‘lib o‘tgan talabalar o‘rtasidagi Butunjahon universiadasida munosib ishtirok etdi. 

Sarvinoz singari umidli tennischilarimizning xalqaro musobaqalardagi ilk qadamlari, yutuqlari mamlakatimizda sportni, jumladan, tennisni rivojlantirish, o‘sib kelayotgan avlodni sog‘lom va barkamol insonlar etib tarbiyalash, yosh iqtidor egalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan doimiy e’tibor samarasidir. 

 
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA 

Поделиться