O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Qaror va ijro: Dorixonalar litsenziyasi yangilanmoqda

2017-10-27 | Jamiyat

Aholini arzon va sifatli dori-darmon va tibbiyot vositalari bilan ta’minlash davlatimiz ijtimoiy himoya siyosatining muhim yo‘nalishlaridandir. Shu bois keyingi bir yil davomida mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida ushbu masalaga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimizning bir qator farmon va qarorlari qabul qilinib, xorijda va mamlakatimizda ishlab chiqarilgan ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarini belgilangan narxlarda sotish tizimi joriy etildi. Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish maqsadida tuzilmaviy o‘zgarishlar amalga oshirildi, mahalliylashtirilayotgan mahsulotlarni kengaytirish va ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish uchun mahalliy dori vositalari va tibbiyot buyumlari ishlab chiqaruvchilarga soliq va bojxona imtiyozlari berildi. 

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 17-iyuldagi “Aholini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ushbu yo‘nalishdagi ishlarning navbatdagi bosqichi sifatida aholini ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish, ularning taqchilligi vujudga kelishining oldini olishga xizmat qilayotir. 

Qarorda dorixonalar faoliyatini tashkil etish bo‘yicha yangidan joriy etilgan talablarga asosan ularning dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chakana sotish bo‘yicha amaldagi litsenziyasi 2018-yil 1-yanvarga qadar qayta rasmiylashtirilishi shart ekani belgilangan. Qayta rasmiylashtirish ishlari yangi litsenziyalovchi organ – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan amalga oshirilmoqda. Shuningdek, ushbu maqsad uchun hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmalari tuzilmasida dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chakana sotish sohasida litsenziya talab va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish sho‘balari tashkil etildi. 

– Yangi tashkil etilgan sho‘baga farmatsevtika sohasida oliy ma’lumotga va mehnat stajiga ega ikki nafar yuqori malakali mutaxassis ishga qabul qilingan, – deydi Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chakana sotish sohasida litsenziya talab va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish sho‘basi mudiri Oydin Qayumova. – Faoliyatimizni viloyatdagi dori vositalari va tibbiyot buyumlarining chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchilarga mazkur qaror mohiyatini, qayta litsenziyalashtirish tartiblarini tushuntirishdan boshladik. Shuningdek, viloyat hokimligi tomonidan dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish uchun litsenziya berish bo‘yicha tuzilgan viloyat komissiyasi bilan hamkorlikda zarur chora-tadbirlarni amalga oshirayapmiz. 

Hozirgacha “Yagona darcha” markazlari orqali viloyatimizdagi 140 dan ortiq dorixonani qayta litsenziyalash uchun ariza qabul qilindi. O‘ndan ortiq ariza noto‘g‘ri rasmiylashtirilgani bois qayta topshirish uchun qaytarildi. Afsuski, ana shu 140 ta ariza asosida litsenziya berish uchun dorixonalar faoliyati, ularda mavjud shart-sharoitlar o‘rganilganda, aksariyat muassasalarda ko‘plab kamchiliklar borligi aniqlandi. Jumladan, dorixonalar issiq suv ta’minoti va isitish tizimiga ega bo‘lmagani, binoga kirishda pandus o‘rnatilmagani, jihoz va asbob-uskunalar bilan to‘liq ta’minlanmagani kuzatilib, kamchiliklarni bartaraf etish uchun muddat belgilandi va qayta murojaat qilishi tushuntirildi. 

Viloyat komissiyasi ayni paytgacha 47 dorixona muassasasiga dori vositalari va tibbiyot buyumlarining chakana savdosi bilan shug‘ullanish uchun litsenziya berdi. Ushbu litsenziyalarning 26 tasi “Samarqand dori-darmon” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tashkil etilgan ijtimoiy dorixonalar hisoblanadi. 

Bugungi kunda Samarqand viloyatida dori vositalari va tibbiyot buyumlarining chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi 900 ga yaqin dorixona mavjud. Ushbu muassasalar 2018-yilning 1-yanvaridan faoliyatini davom ettirishi uchun yil yakuniga qadar qayta litsenziyalashtirishdan o‘tishi lozim. 

 

 

G‘olib Hasanov, O‘zA

Поделиться