O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Yong‘oq yetishtirishda ilg‘or tajriba qo‘l keladi

2017-10-27 | Jamiyat

Poytaxtimizda Xalqaro biznes va texnologiyalar uyushmasi hamda “Mevali plants” kompaniyasi tomonidan Kaliforniyaning “Chandler” yong‘oq navi parvarishida muhim jihatlar, yuqori hosildorlik sirlari, eksport qilish masalalariga bag‘ishlangan biznes-seminar tashkil etildi.

Unda olimlar, yong‘oq ko‘chatlari va yong‘oq ishlab chiqaruvchilar, tadbirkorlar, yong‘oq yetishtirishda ilmiy asoslangan usullar va intensiv texnologiyalarni keng joriy etish bilan shug‘ullanuvchi turkiyalik mutaxassislar qatnashdi. 

Davlatimiz rahbari viloyatlarga tashrifi chog‘ida fermer va dehqonlar, aholi bilan uchrashib, qishloq xo‘jaligini tubdan isloh qilish, tomorqalardan unumli foydalanish borasida zarur ko‘rsatmalar berib keladi. Xususan, hududlar tabiiy-iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda yong‘oqzorlar yaratish, ichki va tashqi bozorlarda raqobatdosh yong‘oqlar ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratmoqda. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 1-iyundagi “Yong‘oq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasini tuzish va uning faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Qarorga muvofiq, Yong‘oq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasi tuzildi. Endilikda mazkur uyushma serhosil yong‘oq plantatsiyalarini yaratish, eksport hajmini ko‘paytirish, yong‘oq yetishtiruvchilar malakasini oshirish, investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha tashkiliy ishlarni bajaradi. 

“Mevali plants” Turkiya ishbilarmonlari bilan hamkorlikda tuzilgan Markaziy Osiyoda ilk ko‘chat yetishtiruvchi kompaniya hisoblanadi. Bugungi kunda kompaniya intensiv bog‘lar uchun xalqaro andozalarga mos o‘ndan ziyod meva ko‘chatlarini yetishtirmoqda. Shuningdek, bog‘dorchilik shirkatlariga bog‘ parvarishi, tomchilab sug‘orish tizimini tatbiq etish va o‘simliklarni himoyalash borasida ilmiy-amaliy yordam ko‘rsatib kelmoqda. 

Mamlakatimizda yong‘oq yetishtirishga alohida e’tibor qaratilishi “Mevali plants” kompaniyasi jamoasini ham yangi tashabbuslar sari undadi. Natijada “Chandler yong‘oq bog‘lari” brendi tashkil qilinib, yong‘oq ko‘chatlari yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. 

– Yurtimizning musaffo havosi, shirin suvidan to‘yinib yetishgan har qanday mevaga xorijda ham talab yuqori, – deydi "Mevali plants" kompaniyasi ta’sischisi Ulug‘bek Xolmatov. – Bugungi kunda mamlakatimizda yong‘oqzorlar barpo etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ularda ichki va tashqi bozorlarda xaridorgir yong‘oq navlari parvarishlanmoqda. Maqsadimiz bu borada eng ilg‘or xorij tajribasini hayotga tatbiq etish, mahsulotimiz turi va hajmini ko‘paytirish, dunyo bozorlariga kirib borish. 

Tadbirda yong‘oq yetishtirishda jahon tajribasi, O‘zbekiston iqlimining afzalliklari, yong‘oqning iqtisodiy, tibbiy foydasi haqida fikr-mulohazalar bildirildi. 

– O‘zbekistonning tabiiy-iqlim sharoiti lalmi yerlarda, xususan, tog‘li hududlarda yong‘oq yetishtirish va undan mo‘l hosil olish uchun juda qulaydir, – deydi turkiyalik professor Berat Gyuljan. – Biz zamonaviy yong‘oq plantatsiyalarini tashkil qilish, hosildorlikni oshirish va mahsulotni eksport qilish borasidagi yangi loyihalar bilan tanishib chiqdik. Yoz oyida bir guruh o‘zbekistonlik mutaxassislar Turkiyada yong‘oqchilik sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishib qaytdi. Bu kelgusida yong‘oqchilikni rivojlantirish, ko‘zlangan maqsadlarga erishishda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Kaliforniyaning “Shandler” yong‘oq navi jahon bozorida xaridorgir hisoblanadi. Yuqori hosildorligi, yoz fasli uzoq davom etadigan hududlarda meva sifati yaxshi bo‘lishi, iqlimga moslashuvchanligi, mag‘zi to‘qligi bilan ajralib turadi. Daraxt may oyida uyg‘onadi, sovuqqa chidamli, sentyabr oyi oxirlarida hosili yig‘ib olinadi. Meva mag‘zining og‘irligi 6-6,5 grammni tashkil qiladi. “Shandler” yong‘oq daraxti beshinchi yilda 5-10 kilogramm, to‘qqizinchi yildan esa 40 kilogrammdan ortiq hosil beradi. Hozirgi kunda mazkur yong‘oq navining plantatsiyalari Turkiya, Eron, Xitoy, Hindiston, AQSh, Fransiya, Ruminiya, Bolgariya, Ukraina, Avstraliya, Chili kabi dunyoning turli davlatlarida tashkil etilmoqda. 

Seminarda mutaxassislar mazkur yong‘oq navining parvarishi bilan bog‘liq jihatlar haqida gapirib berdi.

 

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA

Поделиться