O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Poytaxtimizda Jahon banki tadbiri
2017-10-27 | Jamiyat
Toshkentda Davlat mablag‘larini boshqarishni o‘zaro o‘rganish va tajriba almashish hamjamiyatining (PEMPAL) Ichki audit hamjamiyati yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Jahon banki va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamkorligida tashkil etildi.
Unda Albaniya, Armaniston, Belarus, Bolgariya, Bosniya va Gersegovina, Braziliya, Vengriya, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Makedoniya, Moldova, Gollandiya, Rossiya Federatsiyasi, Ruminiya, Serbiya, Buyuk Britaniya, Tojikiston, Ukraina, Fransiya, Xorvatiya, Chernogoriya, Chexiya va Janubiy Afrika Respublikasi moliya organlari vakillari qatnashdi.
Ichki audit hamjamiyati davlat mablag‘larini boshqarish sohasi, shuningdek, Jahon banki, 20 dan ortiq davlatning moliya vazirliklari va g‘aznachilik organlari mutaxassislarini birlashtiradi. Uchrashuv davlat moliyaviy nazorati va ichki audit sohasida islohotlar o‘tkazish bo‘yicha fikr almashish, qo‘shma tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining birinchi o‘rinbosari A.Haydarov, Jahon bankining mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari X.Mori va boshqalar ushbu hamjamiyat faoliyati amaliyotchi mutaxassislar uchun davlat mablag‘larini boshqarish borasida fikr almashish, tizimni isloh qilish bilan bog‘liq dolzarb masalalarni hal etish bo‘yicha hamkorlikda chora-tadbirlar ishlab chiqish imkoniyatini berayotganini ta’kidladi.
Tadbir qatnashchilari O‘zbekiston ichki audit tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar haqida ma’lumotga ega bo‘ldi, ushbu tadbirlar samaradorligini yanada oshirishga oid fikr va mulohazalar bildirdi.
Mamlakatimizda ichki audit va moliyaviy nazorat mexanizmlari tobora rivojlanayotgani qayd etildi. Shu maqsadda Prezidentimiz qaroriga binoan dastlabki bosqichda sog‘liqni saqlash, xalq ta’limi va oliy ta’lim sohalariga ichki audit va moliviy nazorat tizimi joriy etilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining “Davlat moliya nazorati to‘g‘risida”gi qonunini ishlab chiqish bo‘yicha faol ishlar amalga oshirilmoqda. Qonun loyihasi ommaviy muhokama uchun hukumat portaliga joylashtirilgan. Shuningdek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 2-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan 2017-2018-yillarda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturida ham moliya nazorati, tashqi va ichki audit institutlarini yanada mustahkamlash, korrupsiyaga qarshi kurashish tadbirlarida ularning ishtirokini faollashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilangan.
Yig‘ilish doirasida xalqaro ekspertlar tomonidan hamjamiyatga a’zo mamlakatlarda ichki audit tizimini isloh qilish masalalariga doir amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Yalpi majlis yakunida ushbu yo‘nalishda ko‘p qirrali hamkorlikka oid navbatdagi strategiya belgilab olindi, tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.