O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
2017-yilda 86 shahar va shaharlararo avtobus yo‘nalishini ochish rejalashtirilgan
2017-10-27 | Jamiyat
Milliy matbuot markazida O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi tomonidan tizimda amalga oshirilayotgan ishlar, avtotransport sohasida tadbirkorlarga yaratilayotgan qulayliklar hamda interaktiv xizmatlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
Unda agentlik direktori o‘rinbosari Sh.Shovahobov va boshqalar mamlakatimizda yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta’minlash, xizmat ko‘rsatish madaniyati va sifatini oshirish, sohada iste’molchilarning huquqlarini samarali himoya qilishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 10-yanvardagi "Aholiga transport xizmati ko‘rsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bunda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Qarorga asosan, harakatdagi tarkibni zamonaviy, qulay avtobuslar va mikroavtobuslar bilan yangilash, yo‘nalishlarni oqilona tashkil etish va kengaytirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, dasturga muvofiq, 2017-yilda 86 shahar va shaharlararo avtobus yo‘nalishini ochish rejalashtirilgan. Bugungi kungacha 81 yo‘nalish bo‘yicha yo‘l chizmasi, qatnov jadvali va boshqa ma’lumotlar ishlab chiqildi. 57 yangi avtobus yo‘nalishi ochilib, qatnovlar yo‘lga qo‘yildi.
Bundan tashqari, Navoiy viloyatida ikkita, Surxondaryo viloyatida bitta avtostansiya foydalanishga topshirildi. Rekonstruksiya qilinadigan olti avtovokzal va avtostansiyaning ikkitasida rekonstruksiya ishlari yakunlandi. Bu yo‘nalishdagi ishlar tizimli davom etmoqda.
Avtobus va mikroavtobuslarda yo‘lovchilar tashishni amalga oshirishning markazlashtirilgan holda monitoringi olib borilishini ta’minlash maqsadida «Bepro-dasturchilar markazi» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Guliston shahrida 60, Andijon shahrida 142, «Telematix» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Farg‘ona shahrida 108 avtobusga pilot loyihasi doirasida onlayn rejimida masofadan kuzatish tizimi – GPS trekerlari o‘rnatildi.
2017-yil 1 may kuni Andijon shahridagi 150 avtobusda yo‘l haqi to‘lovini elektron tarzda amalga oshirish tizimi ishga tushirildi. «Mikroelektronika» MChJ tomonidan Guliston shahridagi 10 avtobusga sinov tariqasida validator, ya’ni tekshiruvchi moslamalar o‘rnatildi.
– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan, avtomobil transportida litsenziyalash tartibi soddalashtirildi, – deydi agentlikning litsenziyalash bo‘limi boshlig‘i Abror Isayev. – Jumladan, tadbirkorlik sub’ektlariga shaharlararo yuk va yo‘lovchi tashish uchun litsenziya berishga qaror qabul qilish va litsenziya varaqalarini berish agentlikning joylardagi hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi hamda avtotransport faoliyat turining litsenziyalanadigan uchta qismi qisqartirildi. Shuningdek, litsenziya varaqasini qayta rasmiylashtirish tartibi soddalashtirildi.
Tadbirda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.