O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston Prezidentining Turkiyaga davlat tashrifi samarali bo‘ldi

2017-10-27 | Siyosat

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning taklifiga binoan 2017-yil 25-26-oktabr kunlari davlat tashrifi bilan Turkiyada bo‘ldi. 

Davlat rahbarlarining muzokaralari 25-oktabr kuni Anqara shahrida bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, turizm, transport, logistika, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlik masalalari atroflicha muhokama qilindi. 

Muzokaralar yakunida Prezidentlar ikki mamlakat hamkorligini yangi, strategik bosqichga ko‘tarishga zamin yaratadigan Qo‘shma bayonotni imzoladi. 

Shuningdek, iqtisodiyot, savdo-sotiq, sanoat, bank-moliya, investitsiya, turizm, transport-logistika, sog‘liqni saqlash, kadrlar tayyorlash, mudofaa va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga doir 20 dan ziyod hujjat qabul qilindi. 

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘on muzokaralar samarali bo‘lgani, erishilgan kelishuvlar hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishini ta’kidladilar. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-oktabr kuni Turkiya Buyuk millat majlisiga tashrif buyurdi. 

Buyuk millat majlisi Turkiya Respublikasining oliy qonun chiqaruvchi organidir. Unga 1920 yil 23 aprel kuni asos solingan. Bugungi kunda to‘rt partiya Majlisda o‘z fraksiyasiga ega. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiya Buyuk millat majlisi Spikeri Ismoil Qahramon bilan uchrashdi. 

O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlarining muzokaralarida parlamentlararo hamkorlikni tashriflar almashinuvi va qo‘shma tadbirlar o‘tkazish orqali qo‘llab-quvvatlash muhimligi qayd etilgan edi. Turkiya parlamentidagi muloqotda mazkur yo‘nalishdagi aloqalarni mustahkamlash, parlamentlar faoliyati va parlament nazorati shakllari bo‘yicha tajriba almashish masalalariga e’tibor qaratildi. 

Buyuk millat majlisi Spikeri O‘zbekistonda demokratiyani mustahkamlash, davlat va jamiyat hayotida parlament rolini oshirish borasidagi islohotlarni yuqori baholadi. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi bilan Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. 

Prezidentimiz Buyuk millat majlisi faoliyati bilan tanishdi. 

Shavkat Mirziyoyev kunning ikkinchi yarmida Istanbul shahriga tashrif buyurdi. 

Davlatimiz rahbari Turkiya Respublikasi Bosh vaziri Binali Yildirimni qabul qildi. 

Uchrashuvda Anqarada bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralarda hamkorlikning bugungi holati xolisona baholanib, uni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olingani ta’kidlandi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo, sanoat, bank-moliya, investitsiya, turizm, yuk tashish, sog‘liqni saqlash, kadrlar tayyorlash, mudofaa va boshqa sohalardagi hamkorlikka doir ko‘plab hujjatlar imzolangani yuqori baholandi. 

Muloqotda mazkur kelishuvlarni amalga oshirish, ikki mamlakat vazirlik va idoralari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishning muhim yo‘nalishlariga e’tibor qaratildi. Tomonlarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan fikr almashildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Bosh vaziri Binali Yildirim ishtirokida ikki mamlakat moliya va ishbilarmon doiralari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. 

Uchrashuvda oliy darajadagi muloqotlar samarasida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida imzolangan hujjatlar ulkan ahamiyatga ega ekani qayd etildi. Shuningdek, 26 oktyabr kuni Istanbulda o‘tkazilgan ikki mamlakat ishbilarmon doiralari biznes forumida yirik energetika ob’ektlari va yo‘l infratuzilmalarini qurish, to‘qimachilik mahsulotlari, elektr jihozlari, qurilish materiallari ishlab chiqarish, oziq-ovqat va agrosanoat tarmog‘ida zamonaviy sanoat va logistika markazlari tashkil etish sohalarida 3,5 milliard dollar hajmidagi 30 dan ortiq loyiha bo‘yicha bitimlar imzolangani ta’kidlandi. 

Prezidentimiz yaqin yillarda O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 3-4 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha kelishuvga erishilgani, bu ikki mamlakat ishbilarmonlari uchun keng imkoniyatlar yaratishini ta’kidladi. 

Shavkat Mirziyoyev Turkiya kompaniyalari rahbarlarining O‘zbekistonda biznes yuritish borasidagi fikrlari bilan qiziqdi. 

Turkiyalik ishbilarmonlar Prezidentimiz rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni yuqori baholadi. Valyuta bozori erkinlashtirilgani, viza olish tartibi soddalashtirilgani o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish uchun qulayliklar yaratgani ta’kidlandi. 

Investorlar va yirik kompaniyalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarga qulay sharoit yaratilayotgani, mamlakatimizda Turkiya biznes markazi tashkil etilishi ma’lum qilindi. 

Ochiq va amaliy ruhda o‘tgan muloqotda O‘zbekiston va Turkiyaning moliya tashkilotlari, firma va kompaniyalari o‘rtasida aloqalarni yanada rivojlantirish, o‘zaro mahsulot yetkazib berish va xizmat ko‘rsatishni kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi, tomonlarni qiziqtirgan aniq loyihalar muhokama qilindi. 

Uchrashuvda ikki mamlakat kompaniyalari o‘rtasida qator hujjatlar imzolandi. 

Davlatimiz rahbari tashrif dasturi doirasida Istanbul shahridagi mashhur Topkapi saroyini borib ko‘rdi. XV asrda qurilgan va keyinchalik muzeyga aylantirilgan mazkur saroy tarixi, bu yerdagi qadimiy eksponatlar bilan tanishdi. 

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasiga davlat tashrifi nihoyasiga yetdi. Tashrif davomidagi uchrashuv va muzokaralar O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlikning muhim istiqbollarini belgilab berdi. Imzolangan hujjatlar va erishilgan kelishuvlar ikki davlat munosabatlari va qardosh xalqlar do‘stligini har tomonlama mustahkamlashga xizmat qiladi. 

Поделиться