O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Zamonaviy texnologiyalar samarasi
2015-04-01 | Texnologiyalar
Namangan viloyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasida davlat boshqaruvi hamda iqtisodiyotning barcha sohalarini rivojlantirishda interaktiv davlat xizmatlarining sifatini yaxshilashga erishilmoqda.
Buni Chust tumani hokimligi huzuridagi tadbirkorlik subyektlarini davlat ro'yxatidan o'tkazish inspeksiyasida ishlab chiqarishni tashkil etish, shuningdek, o'z biznesini yo'lga qo'yishni so'rab murojaat qilayotgan yuridik va jismoniy shaxslarning arizalari tezkorlik bilan hal etilayotgani misolida ham ko'rish mumkin.
– O'tgan yili shu mazmundagi murojaatlar doirasida taklif etilgan loyihalar qo'llab-quvvatlanib, 828 xususiy tadbirkorlik subyekti, mikrofirma, dehqon va fermer xo'jaligi hamda oilaviy korxonalar o'z faoliyatini boshladi, – deydi inspeksiya rahbari Sanjarbek Umarov. – Joriy yilda bo'limga kelib tushgan ikki yuzga yaqin arizaning asosiy qismi ijobiy hal etildi.
Xususiy tadbirkorlik bilan shug'ullanish yoki o'z biznesini yo'lga qo'yish istagida bo'lgan fuqarolarning aksariyati inspeksiyada tashkil etilgan interfaol xizmatdan keng foydalanayotgani e'tiborlidir.
– Qandolatchilik faoliyati bilan shug'ullanishga ruxsat olish maqsadida internet orqali bergan arizamga tuman hokimligi huzuridagi tadbirkorlik subyektlarini davlat ro'yxatidan o'tkazish inspeksiyasi tomonidan bir ish kunida javob oldim, – deydi Varzik qishlog'ida yashovchi Bobur G'aniyev. – Ilgari bunday ishlar uchun haftalab vaqt, qancha-qancha qog'oz sarflanar edi. Interfaol xizmatlarning tashkil etilishi yurtimizda xususiy tadbirkorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlash yo'lidagi muhim qadamlardan bo'ldi.
Bunday e'tiroflarni tadbirkorlik faoliyatini xuddi shunday usulda ro'yxatdan o'tkazgan Mirali Mirjalolov, Mahbuba Ismoilxo'jayeva, Bekmurod Rahmatjonov kabilardan ham eshitish mumkin. Interfaol xizmatdan foydalanib o'z biznesini yo'lga qo'ygan fuqarolar soni o'tgan yili 86 nafarni tashkil etgan bo'lsa, joriy yilning o'tgan davrida bu raqam 30 dan oshdi.
– Davlatimiz tomonidan ko'rsatilayotgan alohida e'tibor elektron hukumatning jadal rivojlanishida muhim omil bo'lmoqda, – deydi viloyat Komputerlashtirish markazi rahbari Baxtiyor Oxunboboyev. – Viloyatda elektron hukumat elementlaridan biri bo'lgan axborot tizimlarini joriy etish va rivojlantirish bo'yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, "Kadr-5", "Mukofotlash", "Agroiqtisodiyot", "Bozor", "Paxta", "G'alla" va "Avtograf" kabi axborot tizimlari joriy etildi. Elektron hukumat tizimida davlat organlari o'rtasida hujjat almashinuvini yo'lga qo'yish maqsadida "E-xat", "E-hujjat" yagona himoyalangan elektron xujjat aylanishi tizimi joriy etilib, hozirgacha viloyat, shahar va tuman hokimliklari hamda 150 dan ortiq tashkilot va muassasa mazkur tizimga ulandi.
Mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishning mustahkam huquqiy asosi yaratilgani, xususan, O'zbekiston Respublikasining "Axborotlashtirish to'g'risida", "Elektron raqamli imzo to'g'risida"gi qonunlari, shuningdek, Prezidentimizning 2012-yil 21-martdagi "Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish va rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarori AKT sohasi rivojlanishining yangi bosqichga ko'tarilishida muhim omil bo'lib xizmat qilmoqda.