O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Maishiy chiqindilar bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish masalasi xalqaro davra suhbati markazida bo‘ldi

2017-10-25 | Jamiyat

Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Ekoharakat deputatlari guruhi, O‘zbekiston Ekologik harakati, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining mamlakatimizdagi loyihalari koordinatori va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda “Qattiq maishiy chiqindilarni boshqarishda zamonaviy texnologiyalar: huquqiy, texnik va investitsion yechimlar” mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda deputatlar, qator vazirlik va idoralar mas’ul xodimlari, olimlar, ekologiya, tibbiyot sohasida faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari mutaxassislari, diplomatik korpus vakillari, Rossiya, Belarus, Latviya, Italiya, Buyuk Britaniya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi mamlakatlardan kelgan ishlab chiqaruvchilar, ekspertlar qatnashdi. 

Ishtirokchilar dastlab “O‘zbekiston rangli metall parchalari, chiqindilarini tayyorlash va qayta ishlash zavodi” aksiyadorlik jamiyati faoliyati bilan tanishdi. Bu yerda ilg‘or tajribalar asosida rangli metallar, muddatini o‘tagan akkumulyatorlar, batareyalar, elektron jihozlar va boshqa turdagi chiqindilarni yig‘ib olish, qayta ishlash bo‘yicha ishlar yo‘lga qo‘yilgan. 

– Bir qator yirik loyihalarni hayotga tatbiq etdik. Ulardan biri Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan “Tabiatga imkon bering” loyihasidir, – deydi zavod bo‘lim boshlig‘i M.Saidov. – Unga ko‘ra, yuridik va jismoniy shaxslardan yaroqsiz, eskirgan elektrotexnika vositalarini qabul qilamiz va ularga savdo majmualaridan yangilarini imtiyozli sotib olish uchun chegirmali kuponlar taqdim etamiz. Biz esa qabul qilingan texnika vositalardan kundalik turmushimiz uchun zarur bo‘lgan mahsulotlar tayyorlaymiz. Loyihalarimizdan yana biri eski avtomobillar utilizatsiyasi bilan bog‘liq. Endilikda bizga murojaat qilgan tashkilotlarning avtomobillarini tegishli tartibda xarid qilamiz va qayta ishlashga yo‘naltiramiz. Kelgusida bu kabi loyihalarni yanada kengaytirishni rejalashtirganmiz. Bu ham aholi manfaatlari va tabiat musaffoligini ta’minlashga xizmat qiladi. 

Xalqaro davra suhbatida bugungi kunda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq muammolar, ularni zudlik bilan hal etish yo‘llari muhokamalar markazida bo‘ldi. 

Mutaxassislar fikricha, hali-hamon qattiq maishiy chiqindilarni birlamchi saralashning aniq mexanizmi yaratilmagan. Ularni poligonlarda saqlash usuli saqlanib qolmoqda. Oqibati ayon: bu qattiq maishiy chiqindilar tarkibidagi ikkilamchi xomashyo sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan foydali komponentlarning yo‘qolishiga, chiqindilar miqdorining ortib borishiga, ularni saqlash uchun qo‘shimcha maydonlar ajratishga, atrof-muhit ifloslanishi va insonlar salomatligiga zarar yetkazishga sabab bo‘lmoqda. 

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda aksariyat chiqindilar poligoni ekologik va sanitar talablarga javob bermaydi. Ular atmosfera, tuproq, yer osti va usti suvlarini ifloslantiruvchi, turli yuqumli kasalliklar manbaiga aylangan. 

O‘zbekistonda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha muhim huquqiy, tashkiliy, ijtimoiy-iqtisodiy chora-tadbirlar ishlab chiqilgan va amalga oshirilmoqda. Jumladan, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi munosabatlarni bevosita tartibga soluvchi 15 dan ziyod qonun, 30 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan. Pirovardida, mamlakatimizda ekologik holatni yaxshilash, chiqindilarning fuqarolar sog‘lig‘iga zararli ta’sirining oldini olish, maishiy chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlash tizimi yanada takomillashdi. 

Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonda taraqqiyot va xavfsizlikka erishishga qaratilgan islohotlar, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy o‘zgarishlar izchil va bosqichma-bosqich amalga oshirilayotganini alohida ta’kidladi. 

– Chiqindilarni qayta ishlash borasida O‘zbekistonda samarali chora-tadbirlar amalga oshirib kelinayotgani guvohi bo‘ldik, – deydi “Sifaniya-ekotexnika” xususiy ishlab chiqarish korxonasi direktori S.Zaxarov (Belarus). – Xususan, chiqindilarni qayta ishlash korxonalari soni ortayotgani, bunda xususiy sektor vakillarining faol ishtiroki e’tiborli va yaxshi natija beradi. Biz o‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan atrof-muhit muhofazasi va birlamchi xomashyolardan foydali mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlikda ishlashga kelishib oldik. 

Xalqaro davra suhbatida tabiiy resurslardan samarali foydalanish uchun chiqindilarni boshqarish tizimini yaxshilash, bir xil turdagi chiqindilar guruhlari bilan ishlash borasida mintaqaviy ekologik dasturlarni ro‘yobga chiqarish amaliyoti va boshqa mavzularga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi.

 

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA

Поделиться