O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Mahalla–ma’naviyat o‘chog‘i” deb nomlangan seminar tashkil etildi
2017-10-25 | Jamiyat
Seminar Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi va Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida o‘tkazildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 3-fevraldagi “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni, 2017-yil 28-iyuldagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda soha mas’ul xodimlari, Toshkent shahar mahalla faollari va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi boshqaruvi raisi o‘rinbosari D.Mirzajonova, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari o‘rinbosari B.Shermuhamedov va boshqalar mahallalarda sog‘lom ma’naviy-axloqiy muhit barqarorligini ta’minlash, yoshlar tarbiyasi va ularga milliy qadriyatu an’analarga sodiq bo‘lishni o‘rgatishda ma’naviy-ma’rifiy sohadagi ishlar samaradorligini yanada oshirish muhim omillardan ekanini ta’kidladi.
Mahallalarimiz tinchligi va obodligi, ularda istiqomat qiluvchi yoshu keksalar xotirjamligi joylarda amalga oshirilayotgan ezgu ishlar natijasiga bog‘liq. Shu bois bu boradagi ishlarni yaxshi yo‘lga qo‘yishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligi katta ahamiyat kasb etadi. Seminarda ana shunday o‘zaro hamjihatlik asosida ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlari, davlat dasturlarining mazmun va mohiyatini aholining keng qatlamlariga yetkazishga qaratilgan targ‘ibot ishlarini barcha mahallalarda tizimli va izchil amalga oshirishga alohida e’tibor qaratish qayd etildi.
Tadbirda mahallalarda aholi, ayniqsa, yoshlarda kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishga doir targ‘ibot ishlarini samarali tashkil etish, oilalarda sog‘lom muhitni yaratish, to‘y-hasham va ma’raka-marosimlardagi ortiqcha dabdababozlik, isrofgarchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik, milliy ma’naviyatimiz va mentalitetimizga zid holatlarning oldini olishga qaratilgan targ‘ibot ishlarini amalga oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.
Seminarda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi va Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.