O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Ipakchilik rivojida yangi bosqich

2017-10-25 | Iqtisodiyot

Poytaxtimizdagi Ipakchilik ilmiy-tadqiqot institutida “Sifatli va raqobatbardosh pilla xomashyosi yetishtirishning dolzarb muammolari” mavzuida anjuman o‘tkazildi.

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ilmiy ishlab chiqarish markazi bosh direktori o‘rinbosari B.Holiqov, “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi raisi B.Sharipov, Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori Sh.Umarov va boshqalar O‘zbekistonda ipakchilik sohasida iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, chet el investitsiyalarini keng jalb qilish, jahon bozoriga raqobatbardosh tayyor mahsulotlar yetkazib berish hajmlarini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 29 martdagi “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori soha rivojida dasturilamal bo‘layotir. Unga ko‘ra, Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan tut navlari, ipak qurti zotlarini ko‘paytirish, fermer xo‘jaliklarining ipak qurti urug‘i va tut ko‘chatlariga bo‘lgan ehtiyojini to‘la ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. 

Keyingi yillarda ilmiy jamoada 20 dan ortiq istiqbolli tut navlari va yana shuncha ipak qurti zot va duragaylari yaratildi. Davlat reyestriga kiritilgan ipak qurti va tut navlarining yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lganlari tanlab olindi. Ipak qurtining “O‘zbekiston-5”, “O‘zbekiston-6”, “Ipakchi-1”, “Bahor-1” “Oltin vodiy”, “Navro‘z” hamda tutlarning “Surx-tut”, “Jarariq-8”, “Topkross-3” kabi duragaylari shular jumlasidandir. Hozir yurtimizda boqilayotgan ipak qurtining 55-60 foizi institut olimlari tomonidan yaratilgan. Shuningdek, ipak qurti urug‘ini tayyorlash, boqish, pillaga dastlabki ishlov berish, tut nihollarini yetishtirish bo‘yicha texnologik kartalar ishlab chiqildi. Markazlashtirilgan ipak qurtini boqish intensiv texnologiyasi yaratildi. 

– Bu yerda tayyorlangan sifatli pilla urug‘larini parvarishlab har yili mo‘l hosil olmoqdamiz, – deydi Xorazm viloyatidagi hududiy “Agropilla” mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh agronomi Otaxon Ollaberganov. – Ipakchilik ilmiy-tadqiqot institutida noyob jahon kolleksiyalari – ipak qurtining 120 zot va tut navlarining 239 turini ko‘rdik. Shuningdek, sohaga tegishli turli xildagi uskuna va jihozlar bilan ham yaqindan tanishdik. 

Joriy yilda yurtimizda ikki marta pilla yetishtirildi. Demakki, ozuqa masalasini hal etish kun mavzusi. Anjumanda qayd etilishicha, takroriy ipak qurti boqishning yangi kompleks texnologiyasi Farg‘ona, Samarqand, Navoiy viloyatlarida muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgan. Ushbu texnologiyaga ko‘ra, 150 ming quti ipak qurti boqish, 6-7 ming tonna qo‘shimcha pilla yetishtirish hamda 150 mingdan ortiq ish o‘rni yaratish mumkin ekan. 

Ayni vaqtda Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Vetnam, Bolgariya, Rossiya, Ukraina, Ozarbayjon, Gruziya, Qozog‘iston, Tojikiston va Turkmaniston kabi mamlakatlar bilan ipakchilikning turli yo‘nalishlarida hamkorlik qilinmoqda. 

– Bugun institutdagi ishlanmalar va ilmiy izlanishlar bilan yaqindan tanishdik, – deydi Shanxaydagi “Sanyaoshiye” kompaniyasi bosh menejeri Li Ven Sian. – E’tiborimizni pilla tolalarining uzun va ingichkaligi tortdi. Bunday tolalar juda sifatli hisoblanadi. Bizning korxonamiz ipak qurti yetishtirish va mato ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Shu bois institut bilan hamkorlik qilish va O‘zbekistonda qo‘shma korxona tashkil etishni rejalashtirayapmiz. 

Anjumanda ipakchilikni mexanizatsiyalashtirish, tut daraxti seleksiyasi va agrotexnikasi, ipak qurti biotexnologiyasi va oziqlantirish kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

 

Sayyora Shoyeva, O‘zA

Поделиться