O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Aholi bandligi – dolzarb vazifa
2015-04-01 | Iqtisodiyot
O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi tomonidan mamlakatimizda yangi ish o'rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash borasida amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlarga bag'ishlangan matbuot anjumani o'tkazildi.
Tadbirda aholi bandligini ta'minlash, jumladan, kasb-hunar kolleji va oliy o'quv yurtlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish uchun zarur sharoitlar yaratish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy siyosatning ustuvor yo'nalishlaridan ekani ta'kidlandi. Iqtisodiyot vazirligi ushbu yo'nalishdagi vazifalarni bajarishda muhim o'rin tutmoqda.
Har bir yurtdoshimizni ish bilan ta'minlash dolzarb vazifadir. Iqtisodiyot vazirligi shu maqsadga qaratilgan qisqa va uzoq muddatli demografik prognozlarni muntazam amalga oshirib, ijtimoiy siyosatni prognoz natijalari bilan muvofiqlashtirib kelmoqda.
Har yili 500 mingdan ziyod o'g'il-qiz o'quv muassasalarini bitirmoqda. Ularni ishga joylashtirish jarayonini soddalashtirish maqsadida joriy yilning 1-yanvaridan boshlab kasb-hunar kolleji bitiruvchilarini ishga oladigan mikrofirma va kichik korxonalarga ishchilar sonining belgilangan me'yorini 50 foizga oshirish imkoniyati taqdim etilmoqda.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi aholi bandligini ta'minlashda tobora muhim o'rin tutmoqda. Bugun mamlakatimizdagi jami band aholining 76 foizidan ziyodi ushbu sohada mehnat qilayotir.
Tadbirda jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.