O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Uchtepadagi 78-umumiy o‘rta ta’lim maktabi binosi kapital ta’mirlandi
2017-10-24 | Jamiyat
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev hududlarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida shu yilning 16-iyun kuni poytaxtimizning Uchtepa tumaniga tashrif buyurgan edi.
Xususan, tashrif davomida Prezidentimiz tumandagi bir nechta ob’ektlar, mahalla va ta’lim muassasalarida olib borilayotgan ishlar, yutuq va kamchiliklar bilan tanishib, zarur ko‘rsatmalar bergan edi. Tumandagi «Vatan» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 78-umumiy o‘rta ta’lim maktabini kapital ta’mirlash bo‘yicha topshiriqlar bergandi. O‘tgan qisqa vaqt mobaynida ushbu maktab kapital rekonstruksiya qilinib, yangicha qiyofa kasb etdi.
Kapital rekonstruksiya qilingan mazkur maktabning tantanali ochilish marosimida ana shular haqida so‘z yuritildi.
O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri U.Inoyatov va boshqalar navqiron avlodning zamonaviy ta’lim va kasb-hunarlarni puxta egallashi, xorijiy tillarni o‘rganishi uchun barcha sharoitni yaratishga qaratilayotgan doimiy e’tibor yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi.
Butunlay yangicha ko‘rinishda rekonstruksiya qilingan maktab binosida o‘quvchilarning ta’lim olishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Maktab kutubxonasi fondi zarur darslik va adabiyotlar bilan boyitildi. Informatika xonasida o‘quvchilarning axborot-kommunikatsiya vositalaridan keng foydalanishi uchun barcha sharoit mavjud bo‘lib, u yerdagi kompyuterlar «ziyonet» internet tarmog‘iga ulangan. Keng yorug‘ sinfxonalar zamonaviy tarzda jihozlangan. Ayniqsa, kimyo, biologiya xonalarining labaratoriya jihozlari bilan ta’minlanganligi darslarni jonli tarzda, nazariya bilan amaliyot uyg‘unligida olib borishga yordam beradi.
Hozirgi kunda 1 ming 139 o‘g‘il-qiz ta’lim olayotgan maktabda o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish maqsadida sport zali va sport maydonchasi zamon talablari darajasida ta’mirlanib, zarur sport anjomlari va inventarlari bilan to‘liq jihozlandi.
Yangi maktabda yaratilgan qulay sharoit nafaqat o‘qituvchi va o‘quvchilar, balki ota-onalar, mahalla ahlining ham ko‘nglini shod qildi.
– Farzandining eng yaxshi sharoitlardagi ta’lim muassasalarida o‘qishi, yaxshi ta’lim-tarbiya olib, kelajakda komil inson bo‘lib kamolga yetishi har bir ota-onaning eng katta maqsadi, orzu, niyatidir, – deydi Vasila Turdiyeva. – Bu maktabda ikki farzandim ta’lim oladi. Maktabning oldingi holati bilan bugungi ko‘rinishi o‘rtasidagi farqni ko‘rib, ko‘ngillarimiz tog‘dek ko‘tarildi. Ta’mirtalab bo‘lib qolgan maktab binosining nafaqat tashqi ko‘rinishi, balki atrofi, hovlisi ham tashlandiq ahvolda edi. Bugun esa zamonaviy sinfxonalarni, shinam hovlini ko‘rib juda xursand bo‘ldik. Biz, ota-onalarning orzu-niyatlarini amalga oshirib, farzandlarimizga ana shunday ko‘rkam ta’lim dargohini tuhfa qilgan davlatimiz, Prezidentimizdan minnatdormiz.