O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Amir Temur xiyobonida profilaktika inspektorlariga yengil avtomobillar topshirildi
2017-10-23 | Jamiyat
Mamlakatimizda ichki ishlar organlari tizimini tubdan isloh qilish, uning faoliyati samaradorligini zamonaviy bosqichga ko‘tarishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Soha xodimlarining ish faoliyati samarali bo‘lishi uchun zarur sharoit yaratilmoqda. Xususan, profilaktika inspektorlariga xizmat va yashash sharoitlarini yaxshilash, ularni o‘zlari xizmat qilayotgan hududda uy-joy, avtomashinalar bilan ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli tadbirlar amalga oshirilayotir.
Bu poytaxtimizning Amir Temur xiyobonida profilaktika inspektorlariga yengil avtomobillar topshirishga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali tadbirda alohida qayd etildi.
Ichki ishlar vaziri P.Bobojonov va boshqalar mamlakatimizda huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktika sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 10-apreldagi «Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni asosida ichki ishlar organlari faoliyatini tashkil etishga zamon talablariga javob beradigan yangi yondashuvlar tatbiq etilayotir.
Jinoyatchilikka qarshi kurashishga jamoatchilikning keng qatlamlarini jalb qilish, profilaktika inspektorlarining bevosita aholi orasida ish olib borishini tashkil etishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish natijasida jinoyat va huquqbuzarliklar kamaymoqda.
Tadbirda poytaxtimiz mahallalarida faoliyat yuritayotgan 150 profilaktika inspektoriga imtiyozli kredit asosida ajratilgan "Matiz" avtomashinalari kalitlari topshirildi.
– Davlatimiz rahbari odamlar ichki ishlar organi har bir xodimida o‘z himoyachisini ko‘rishiga erishish zarurligini ta’kidlagandi, – deydi Mirzo Ulug‘bek tumani Azamat mahallasidagi 79-tayanch punkti profilaktika inspektori Farrux Karimov. – Buning uchun davlatimiz tomonidan bizga barcha sharoit ta’minlab berilyapti. Avval menga xizmat uyi berilgan bo‘lsa, endi xizmatim yanada yengillashishi uchun yengil avtomobilli bo‘ldim. Endigi vazifa yurtimiz, xalqimiz tinchligi, osoyishtaligi yo‘lida fidokorona xizmat qilishdir. Biz bu burchimiz yo‘lida, albatta, fidoyilik bilan xizmat qilamiz.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.Yo‘ldoshev, Toshkent shahar hokimi R.Usmonov ishtirok etdi.