O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yoshlar – ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi
2015-04-01 | Jamiyat
Poytaxtimizda "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati Vasiylik kengashining majlisi bo'lib o'tdi. Unda Vasiylik kengashi a'zolari, vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari, ma'naviyat va ma'rifat sohasi vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Prezidentimizning 2014-yil 6-fevraldagi "O'zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi qarori bilan tasdiqlangan mamlakatimizda 2014-yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi ijrosi muhokama etildi.
Vatanimiz kelajagi, xalqimizning ertangi kuni, mamlakatimizning jahon hamjamiyatida munosib obro'-e'tiborga ega bo'lishi yoshlarimizning bugun qanday ta'lim-tarbiya olishi, qanday inson bo'lib hayotga kirib kelishiga bog'liq.
"O'zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to'g'risida", "Ta'lim to'g'risida"gi qonunlar, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi yoshlarga zamonaviy standartlar asosida ta'lim-tarbiya berish, iqtidori va iste'dodini yuzaga chiqarish, ularni sog'lom va barkamol etib tarbiyalash imkonini bermoqda.
Hozirgi murakkab va tahlikali zamon yoshlar ta'lim-tarbiyasiga yanada e'tiborli bo'lish, yosh avlodni jismonan baquvvat, ma'nan sog'lom etib tarbiyalash ishlarini yanada takomillashtirish, bu boradagi vazifalarni aniq belgilab olishni taqozo etmoqda.
Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturida yetti yo'nalishda belgilangan vazifalar ijrosi doirasida vazirlik va idoralar, hokimliklar hamkorligida ko'plab seminarlar, festivallar o'tkazildi, ularda 15,5 milliondan ortiq yosh qamrab olingan.
Yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish, yosh tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan "Mening biznes g'oyam", "Yosh tadbirkor – yurtga madadkor" loyihalari va yosh tadbirkor konsultativ markazlari faoliyati orqali 135 mingdan ziyod yigit-qizda tadbirkorlik ko'nikmalari shakllantirildi, 3 mingdan ziyod yoshlar imtiyozli kredit olish imkoniyatiga ega bo'ldi.
Kichik biznesni rivojlantirish jarayonida banklar tomonidan yosh tadbirkorlar, hunarmand va fermerlarga 322,4 milliard so'mlik kreditlar berildi. Kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish maqsadida 193,4 milliard so'mlik imtiyozli mikrokreditlar ajratildi.
"Siz qonunni bilasizmi?", "Tafakkur sinovlari", "Konstitutsiya bilimdoni", "Yurt kelajagi", "Kamalak yulduzlari" kabi ko'rik-tanlovlar minglab yoshlar iqtidorini namoyon etishga ko'maklashdi.
"Biz – sog'lom turmush tarzi tarafdorimiz", "Konstitutsiya – taraqqiyotimiz kafolati" loyihalari, "Biz – buyuk yurt farzandlarimiz!", "Biz Vatan farzandlari – umid nihollarimiz!" festivallari orqali 3,5 million yoshlarning huquqiy, ma'naviy va tibbiy savodxonligi oshirildi.
"Shunqorlar" va "Yosh chegarachilar" harbiy-sport musobaqalari, "Kamolot" shaxmat taxtasi", "Kamolot-tur" velomarafoni, futbol, badminton va tennis bo'yicha "Kamolot" kubogi" musobaqalarida 500 mingdan ziyod yosh ishtirok etdi.
Yosh oilalarni uy-joy bilan ta'minlash maqsadida mamlakatimizning barcha hududlarida "Kamolot" uylari qurilmoqda. Qurib bitkazilgan uy-joylar yosh oilalarga "Kamolot" tavsiyasiga muvofiq tijorat banklari tomonidan boshlang'ich badalsiz, 20-yil muddatga imtiyozli ipoteka kreditlari ajratish yo'li bilan berilmoqda.
Dastur ijrosi yuzasidan tegishli yo'nalishlar mutasaddilarining axborotlari tinglandi. Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda mavjud kamchiliklar va ularning yechimiga e'tibor qaratildi. Ayrim tashkilotlar faoliyatida rasmiyatchilik, yoshlarning hayotiy muammolaridan uzoqlashish holatlari kuzatilayotgani qayd etildi.
O'tkazilayotgan loyihalarni zamon talablari asosida takomillashtirib borish zarurligi qayd etildi.
Yig'ilishda joriy yilda amalga oshirilishi lozim bo'lgan ishlar, "O'zbekiston Respublikasida 2015-yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo'shimcha chora-tadbirlar dasturi" loyihasi muhokama etildi.
Majlisda O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari A.Ikromov so'zga chiqdi.