O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekistonda jahon paxta bozorining yirik anjumani

2017-10-23 | Iqtisodiyot

Poytaxtimizda Paxta bo‘yicha xalqaro maslahat qo‘mitasining yetmish oltinchi yalpi majlisi hamda XIII xalqaro O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik yarmarkasi boshlandi. 

Mazkur qo‘mitaning 2016-yilgi yig‘ilishida “Globallashuv va texnologik taraqqiyot davrida paxta” mavzuidagi anjumanni Toshkentda o‘tkazish haqida qaror qabul qilingan edi. Bu jahon paxta va to‘qimachilik sanoatining yirik markazlaridan biri sifatida tan olingan O‘zbekistonning xalqaro mavqei tobora ortib borayotganining yana bir yorqin dalilidir. 

Yig‘ilish va yarmarka ishida 50 dan ziyod mamlakatdan 1 ming 500 ga yaqin mutaxassis ishtirok etmoqda. 

1939-yilda tashkil etilgan Paxta bo‘yicha xalqaro maslahat qo‘mitasi tarkibida Doimiy qo‘mita, Paxta sinovining instrumental uslublarini tijoriy standartlashtirish bo‘yicha maqsadli guruh, Paxta ishlab chiqarishning ijtimoiy, ekologik va iqtisodiy tavsiflari bo‘yicha ekspertlar guruhi, Biotexnologiya bo‘yicha ekspertlar guruhi, Paxta sohasini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro forum, Paxtani birlamchi qayta ishlash bo‘yicha ekspertlar guruhi kabi soha ravnaqida muhim o‘rin tutadigan qator tuzilmalar faoliyat yuritadi. 

– Dunyoda paxtachilik yo‘nalishida izlanishlar olib borayotgan ikki yuzdan ziyod ilmiy markaz mavjud, – deydi Paxta bo‘yicha xalqaro maslahat qo‘mitasining ijrochi direktori Kay Xyuz. – O‘zbekiston paxta sanoatini rivojlantirish borasida yuksak natijalarga erishmoqda. Mamlakatda iste’molchilarning talablariga javob beradigan paxtaning ko‘plab navlari mavjud. 

Paxta bo‘yicha xalqaro maslahat qo‘mitasining eng muhim tadbirlari reyestriga O‘zbekiston xalqaro paxta yarmarkasi ham kiritilgan. Bu esa ushbu yarmarka dunyo miqyosida paxta bozori siyosatini belgilovchi nufuzli anjumanlardan biri ekanidan dalolatdir. Yarmarka “O‘zbyekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirliklari va “Sifat” markazi hamkorligida tashkil etildi. 

Tadbir doirasida xalqaro paxta bozorining bugungi holati va istiqbollari muhokama qilinib, raqobatbardosh sanoat xom ashyosi yetishtirish, uni chuqur qayta ishlash, savdo, logistika va sug‘urta masalalari yuzasidan 16 ga yaqin sessiya o‘tkazilishi kutilmoqda. O‘zbekiston tajribasi misolida g‘o‘za seleksiyasi, agrotexnikasi, hosilni zararkunanda va kasalliklardan himoya qilish, tola sifatini baholash kabi masalalar o‘rganiladi. 

Tizimda amalga oshirilayotgan texnik va texnologik yangilanishlar, amaliyotga joriy qilinayotgan innovatsion ishlanmalar tufayli tolamizning sifat ko‘rsatkichlari tubdan yaxshilanmoqda. Bu esa bugungi kuchli raqobat sharoitida jahon paxta bozoridan mustahkam joy egallashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etayotir. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, 2016-yilgi mavsumda mamlakatimizda “Oliy” va “Yaxshi” sinflariga mansub tolaning ulushi avvalgi yillardagiga nisbatan 10 foiz ortib, 92 foizga yetgan. 

Shunga mos ravishda tolani qayta ishlash hajmi ham ortmoqda. Agarda 1990-yillar boshida mamlakatimizda tolaning atigi 3-5 foizi qayta ishlangan bo‘lsa, hozirga kelib, bu ko‘rsatkich 50 foizdan oshdi. Eng olis hududlarda ham yangi quvvatlar ishga tushirilayotgani, mavjudlari tubdan modernizatsiya qilinayotgani ushbu yo‘nalishdagi ishlar ko‘lamini kengaytirmoqda. Maqsad esa yagona, u ham bo‘lsa, 2020-yilga borib tolani 100 foiz o‘zimizda qayta ishlashga erishish, xalqaro bozorga qo‘shimcha qiymatli, yuqori sifatli tayyor mahsulot yetkazib berishdan iboratdir. 

Yarmarka stendlaridan «O‘zbekyengilsanoat» tarkibidagi yuzga yaqin korxonaning ip-gazlama, bo‘yalgan va aralash ip-kalava, trikotaj mato, paypoqlar, maxsus matolar, maxsus kiyimlar, tayyor trikotaj va tikuvchilik mahsulotlari keng o‘rin egallagan. Tizim korxonalarining yillik eksporti 1 milliard dollardan oshmoqda. Mahsulotlar 50 dan ortiq mamlakatga yetkazib berilmoqda. 

Yarmarka doirasida ilk bor Janubiy Koreya va O‘zbekiston dizaynerlari ishtirokida mahorat darslari, to‘qimachilik mahsulotlarini Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga eksport qilishni kengaytirish masalalari bo‘yicha seminar va treninglar o‘tkazilishi mo‘ljallanmoqda. Yengil sanoat salohiyati, jumladan, mahalliy korxonalarda ishlab chiqarilayotgan turfa liboslar namoyishi ham rejalashtirilgan. 

 
Sayyora Shoyeva, O‘zA 

Manba: O'zA

Поделиться