O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Hunarmand, san’atshunos, folklorshunos olimlarni bir joyga jamlagan festival
2017-10-23 | Madaniyat
Marg‘ilonning atlasu adrasidan ko‘z quvnaydi. Qo‘g‘irchoqsoz usta ishlagan mo‘’jaz o‘yinchoqlarni ko‘rib, nogahon bolalikka qaytishni istab qolasiz. Kandakorning nafis idishlari, miniatyurachi-rassomning milliy ruhda ishlangan betakror qutilari, undagi chizgilardan hayratlanib, ustaning mahoratiga tassannolar aytasiz.
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida bo‘lib o‘tgan "O‘zbek madaniy merosi jahon nigohida" mavzuidagi festival usta va hunarmandlar, san’atshunoslar, folklorshunos olimlarni bir joyga jamladi.
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining o‘rinbosari K.Oqilova, Respublika madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etish ilmiy-metodik markazi direktori A.Haydarov, Respublika "Tasviriy oyina" ijodiy uyushmasi raisi I.Latipov va boshqalar milliy an’ana va qadriyatlarni aslicha saqlash, ularning mazmun-mohiyatini yosh avlodga yetkazish doimiy e’tiborga ekanini ta’kidladi.
Yurtimizda nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylash, uni keng targ‘ib etishga oid ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Folklor, hunarmandlik, tomosha san’atlari, milliy kurash va boshqa qator ma’naviy merosimiz tarixi, rivojlanish bosqichlariga oid kitoblar nashr etilmoqda. Rang-barang ko‘rgazma va festivallar, ijodiy tanlovlar, konsertlar xalqaro miqyosda yuksak e’tirof etilmoqda.
Yog‘och o‘ymakori Javohir Rashidov Respublika rassomlik kollejini tamomlab, turli ijodiy tanlovlarda muvaffaqiyatli qatnashgan. Boysunlik Xadicha Rahimberdiyeva – chevarlarning beshinchi avlod vakili. Xorazm viloyatining Xonqa tumanidagi "Jayxun" qo‘g‘irchoq teatri ijrochisi Mansur Quryozov AQSh, Fransiya, Yaponiya va boshqa davlatlarda o‘tkazilgan ko‘rgazma, anjuman, festivallarda qatnashgan. Mamlakatimizda ijod ahli, hunarmandlar uchun yaratilgan betimsol imkoniyatlar ularning emin-erkin faoliyati, muvaffaqiyatining asosiy omili bo‘lmoqda.
Festival doirasida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy anjumanda milliy hunarmandlikning dolzarb masalalari, Navro‘z bayramining asoslari, Boysun badiiy hunarmandligi, Shashmaqom san’atining yoshlar tarbiyasi va ma’naviyatidagi o‘rni, askiya san’ati kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Usta va hunarmandlar ijodiga oid ko‘rgazma tashkil etildi. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining folklor jamoalari, baxshi, lapar va o‘lan ijrochilari ishtirokidagi konsert namoyish etildi.