O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Hayotiy dasturlar ijrosida ijtimoiy sheriklik
2015-04-01 | Jamiyat
Toshkent shahar va Toshkent viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashlari tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda "Hududiy rivojlanishga doir ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirishda ijtimoiy sheriklikning o'rni" mavzusida mintaqaviy seminar o'tkazildi.
Toshkent shahar kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi raisi S.Ahmedov, Toshkent viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi raisi vazifasini bajaruvchi G.To'xtayeva va boshqalar mamlakatimizda aholining barcha qatlami huquq va manfaatlarini ta'minlash, alohida ehtiyojli yurtdoshlarimizni kuchli ijtimoiy himoyalashga alohida e'tibor qaratilayotganini ta'kidladi.
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to'g'risidagi, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalariga doir qonunlar va boshqa huquqiy hujjatlar bu borada muhim asos bo'lib xizmat qilmoqda.
Mamlakatimizda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini iqtisodiy, tashkiliy-huquqiy qo'llab-quvvatlash va rivojlantirishning institutsional bazasi shakllantirildi. O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzurida Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash jamoat fondi mablag'larini boshqarish bo'yicha Parlament komissiyasi tashkil qilingani jamoat tashkilotlari faoliyatini samarali yo'lga qo'yish, iqtisodiy-ijtimoiy ahamiyatga molik davlat dasturlarini muvaffaqiyatli bajarishda ularning ishtirokini kengaytirish imkonini bermoqda.
Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida ko'zda tutilgan vazifalarning hayotga izchil joriy etilishi jamoat tashkilotlari faoliyatining faollashuvida, davlat boshqaruvi organlari va jamoat tashkilotlari o'rtasidagi ijtimoiy sheriklikning tobora mustahkamlanishida yangi bosqichni boshlab berdi.
O'zbekiston Respublikasining "Ijtimoiy sheriklik to'g'risida"gi qonuni qabul qilingani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga oid muhim dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, aholining turli qatlamlari huquq va manfaatlarini ro'yobga chiqarish, nodavlat notijorat tashkilotlarining davlat tuzilmalari bilan o'zaro sherikligini yanada kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda poytaxtimizda 424, Toshkent viloyatida qariyb 680 nodavlat notijorat tashkiloti faoliyat ko'rsatmoqda.
Seminarda fuqarolik jamiyati institutlari samaradorligini yanada oshirish, xususiy tadbirkorlik, oilaviy biznesni qo'llab-quvvatlashda ijtimoiy sheriklik munosabatlaridan keng foydalanish, bunda NNTlarning o'rni va ahamiyatini kuchaytirishga oid taklif va tavsiyalar bildirildi.