O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

"O‘zbekiston yangi marralarni ko‘zlamoqda"

2017-10-21 | Siyosat

Amerika Qo‘shma Shtatlarining oyiga 4,2 millionlik auditoriyaga ega «Real Clear World» nashrida shunday sarlavhali maqola e’lon qilindi. Uning muallifi – nashr sharhlovchisi va «Corsair LLC» konsalting kompaniyasining boshqaruvchi direktori Jeyms Durso. 

Maqolada qayd etilishicha, 2016-yilning 4-dekabridan, ya’ni Shavkat Mirziyoyev mamlakat Prezidenti etib saylangan kundan boshlab O‘zbekiston o‘z taraqqiyotida yangi bosqichga qadam qo‘ydi. Bungacha 13 yil davomida Bosh vazir lavozimida faoliyat yuritgan yangi Prezident qo‘shni mamlakatlar bilan chegara va suv resurslari bilan bog‘liq bahsli holatlarga yechim topish, milliy valyuta konvertatsiyasini ta’minlash, inson huquqlariga rioya etish, G‘arb ommaviy axborot vositalari va nohukumat tashkilotlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kabi masalalarni hal qilishga faol kirishdi. O‘zbekiston rahbari qo‘shni mamlakatlar, uzoq va yaqin xorij davlatlari, jumladan, Rossiya, Xitoy, AQSh, Yevropa Ittifoqi va boshqa davlatlar bilan hamkorlikni jadal kengaytirmoqda. 

Ekspertning fikricha, O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim ichki o‘zgarishlar qatorida o‘qituvchilar va sog‘liqni saqlash xodimlarini paxta yig‘im-terimiga jalb qilish taqiqlanganini qayd etish mumkin. Bu boradagi ishlarning davom ettirilishi O‘zbekiston paxtasini tashqi bozorda sotish ko‘lamini kengaytirish imkonini beradi, deb hisoblaydi amerikalik sharhlovchi. 

Bundan tashqari, O‘zbekiston rahbariyati eksportchilar xorij valyutasida olgan daromadlarining 25 foizini majburiy sotish amaliyotini bekor qildi. Mamlakat fuqarolari chet el valyutasini bankdan sotib olish va sotish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu chora-tadbirlar savdo-sotiqni yengillashtirish va korrupsiyani kamaytirishga xizmat qiladi. Ushbu yangilanishlar tezkorlik bilan amalga oshirilgani ko‘plab moliyachilarni hayratga soldi, deb ta’kidlaydi J.Durso. 

Muallif, shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan mamlakatda ekstremizm g‘oyalariga moyil bo‘lgan shaxslar "qora ro‘yxat"dan chiqarilayotganini (17 mingdan 16 ming nafari) qayd etadi. Shavkat Mirziyoyev o‘z chiqishlaridan birida "Hayotda bilib-bilmay adashgan odamlarni to‘g‘ri yo‘lga solish, kechirimli bo‘lish, ularni sog‘lom hayotga qaytarish masalalari ham diqqat markazimizda turibdi", deb ta’kidladi. Bunday odamlarni ishga joylashtirish va din arboblarining ular bilan doimiy muloqotini ta’minlash vazifasi qo‘yildi. 

Maqolada ta’kidlanganidek, 2019-yildan boshlab O‘zbekistonda xorijga chiqish vizalari bekor qilinadi. Bu aholining iqtisodiy imkoniyatlari va erkinligi darajasini oshiradi. Farg‘ona vodiysida "Do‘stlik" va Qozog‘istonda "Maqtaral" chegara punktlarining ochilishi odamlarning harakati va o‘zaro savdo-sotiq kengayishiga xizmat qiladi. 

Jeyms Dursoning yozishicha, xalqaro tashkilotlar, nohukumat tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari O‘zbekistondagi faoliyatini qayta tiklashga intilmoqda va hukumatni islohotlarni davom ettirishga chaqirmoqda. Shavkat Mirziyoyev BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn bilan uchrashuv chog‘ida bu boradagi hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirdi. Mamlakatda "BBC" ofisini ochish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Yaqinda "Human Rights Watch" vakillari O‘zbekistonda bo‘ldi, Yevropa Tiklanish va taraqqiyot banki mamlakatga yana kredit ajrata boshladi. 

Amerikalik ekspert Shavkat Mirziyoyev qo‘shnilar bilan munosabatlarni jadal yaxshilab borayotganini qayd etadi. Davlat rahbari joriy yil sentyabr oyida BMT minbaridan turib "O‘zbekiston bugungi kunda o‘zining tashqi siyosatida Markaziy Osiyo mintaqasiga ustuvor ahamiyat qaratmoqda", deb ta’kidladi. 

Shavkat Mirziyoyevning Prezident sifatida xorijga ilk tashrifini Turkmanistonga amalga oshirgani chuqur ma’noga ega. O‘zbekiston rahbari Qozog‘istonga bir necha bor tashrif uyushtirib, chegaradan o‘tish yo‘llarini qayta tiklash hamda Olmaota va Toshkent o‘rtasida tezyurar yo‘lovchi poyezd harakatini yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildi. 

O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan chegaralarni delimitatsiya qilish to‘g‘risida bitim imzoladi. Toshkent hatto Norin daryosida gidroelektrstansiya qurishda qo‘shni davlatga yordam berishga rozi bo‘ldi. Farg‘ona vodiysidagi nazorat-o‘tkazish punktlari ishining qayta tiklangani va ikki mamlakat aholisi harakatlanishi uchun yengilliklar yaratilgani ham Shavkat Mirziyoyevning Bishkekka yaqinda amalga oshirgan tashrifining muhim natijalari bo‘ldi. 

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlarda Rog‘un GESiga doir muammolar tomonlarning ekspert muzokaralari o‘tkazishdan manfaatdor ekanligi to‘g‘risidagi fikrlar bilan almashdi. Bu davlat rahbarlari o‘rtasida o‘zaro anglashuv paydo bo‘lishiga xizmat qilmoqda. Aprel oyida ikki mamlakat o‘rtasida havo transporti harakati qayta tiklandi, savdo-sotiq jadallashmoqda. Toshkent Dushanbe bilan chegaraga doir bahslarni hal qilishga kirishadi, bu mintaqaviy savdo hajmini oshirishga xizmat qiladi, degan taxminni ilgari suradi sharhlovchi. 

O‘zbekistonning Rossiya bilan hamkorligi to‘g‘risida so‘z yuritar ekan, Jeyms Durso iqtisodiy hamkorlikdan va ekstremizmga qarshi birgalikda kurashishdan ikki davlat ham birdek manfaatdor ekanini qayd etadi. O‘zbekiston iqtisodiyotini liberallashtirar ekan investitsiyalarga muhtoj, bu borada unga Rossiya yordam berishi mumkin, deb ta’kidlanadi maqolada. Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putinning joriy yil aprel oyida Moskvada bo‘lib o‘tgan muzokaralari yakunida Rossiya Federatsiyasi O‘zbekistonga 12 milliard dollar investitsiya kiritish majburiyatini oldi va 3,8 milliard dollarlik savdo kelishuvlarini imzoladi. Tomonlar transchegaraviy tahdidlarga qarshi kurashish maqsadida harbiy o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazishga kelishib oldilar. 

Jeyms Durso Xitoy ham O‘zbekiston infratuzilmasiga faol investitsiya kiritayotganini ta’kidlaydi. Pekin yaqinda qiymati 20 milliard dollardan ziyod qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni ma’qulladi. Shuningdek, Pekin O‘zbekistonda investitsiya muhiti yaxshilanishidan va Toshkentga ekstremizmga qarshi kurashishda ko‘maklashishdan manfaatdor. 

Muallifning fikricha, O‘zbekiston AQShning Afg‘onistonga nisbatan qiziqishi ortayotganidan foydalanishi mumkin. Toshkent Vashingtonga O‘zbekistondagi tranzit va ekspluatatsiya infratuzilmasini taklif etishi mumkin. Shavkat Mirziyoyevning AQSh bilan hamkorlikka tayyorligi Donald Trampning prinitsipial jihatdan realistik qarashlari bilan uyg‘unlikda O‘zbekiston iqtisodiyoti taraqqiyoti uchun zarur bo‘lgan siyosiy makon yaratishi mumkin. 

Поделиться