O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
UZ milliy domen zonasi: yangi istiqbol va imkoniyatlar
2017-10-20 | Texnologiyalar
UZ milliy domen zonasi ma’muriyati “Uzinfocom” kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish markazi Osiyo-Tinch okeani mintaqasida yuqori darajali milliy domenlar assotsiatsiyasi (APLTD) a’zosiga aylandi. Tegishli qaror assotsiatsiya a’zolarining 72-anjumanida qabul qilindi.
“Uzinfocom” kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish markazi direktori vazifasini bajaruvchi A.Muhiddinovning aytishicha, uyushma a’zoligiga kirish mintaqadagi hamkorlar bilan faol aloqalarni yanada rivojlantirish imkonini beradi, milliy domenlarni boshqarish ilg‘or amaliyotiga internet tarmog‘ida milliy segmentning faoliyat yuritish asoslari sifatida foydalanishga xizmat qiladi. Bu “Uzinfocom” markazi kadrlar va texnik salohiyatini yanada takomillashtirish, manfaatdor tomonlar, jumladan, davlat, biznes, ilmiy-texnik hamjamiyat, internet xizmatlaridan foydalanadigan keng iste’molchilar doirasi manfaatlari muvozanatini hisobga olgan holda, mamlakatimiz internet foydalanuvchilari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishga xizmat qiladi.
Osiyo-Tinch okeani mintaqasida yuqori darajali milliy domenlar assotsiatsiyasi nodavlat notijorat tashkiloti bo‘lib, uning tarkibiga Yaqin Sharq, Osiyo, Okeaniya mamlakatlarining 50 dan ortiq internet-ro‘yxatxonasi, jumladan, Xitoy, Avstraliya, Hindiston, Vetnam va Rossiya domen sanoatining eng yirik vakillari kiradi. APLTD mintaqadagi yuqori darajali domenlar ma’murlarining o‘zaro hamkorligi va ilg‘or tajriba almashinuvini ta’minlaydigan hamda global domen makonini boshqarish masalalari bo‘yicha strategik qarorlar ishlab chiqadigan tarmoq maydoni sifatida faoliyat yuritadi.
Assotsiatsiya a’zoligiga kirish O‘zbekiston uchun internet tarmog‘ini rivojlantirishni boshqarish bo‘yicha global darajadagi muloqotda ishtirok etish, xalqaro kun tartibiga axborot xavfsizligi, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish, elektron hukumat va onlayn-biznesni rivojlantirishni rag‘batlantirish singari muhim muammolar bo‘yicha ilg‘or tajriba va yondashuvlarni ishlab chiqish singari yangi strategik imkoniyatlar eshigini ochadi.
UZ milliy domen zonasi mamlakatimizda axborot texnologiyalari biznesida yangi yo‘nalishlar yaratish katalizatori ekani, davlat organlari va muassasalarining yurtimiz aholisiga taqdim etadigan talab yuqori bo‘lgan interfaol xizmatlar ro‘yxatini kengaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
UZ milliy domen zonasining paydo bo‘lishi “TAS-IX” trafik almashinuv nuqtasini yaratishga zamin yaratdi, bu provayder tarmoqlari o‘rtasida paketlar uzatish marshrutini qisqartirib, trafik xarajatlarini kamaytirish imkonini berdi, chunki trafik almashinuvi ma’lumot uzatish xalqaro kanallaridan foydalanmagan holda amalga oshiriladi.
Ayni paytda UZ milliy domen zonasida 34,8 ming domen ro‘yxatdan o‘tgan. Turli xizmat va tovarlar sotib olishga mo‘ljallangan internet-servis va do‘konlar soni yil sayin oshib bormoqda.
UZ milliy domen zonasining APLTD a’zoligiga qabul qilinishi uning taraqqiy etishi, shuningdek, barqaror va mustahkam faoliyat yuritishini ta’minlash maqsadida domen zonalariga ma’murlik qilish bo‘yicha innovatsion usullarni o‘rganish imkonini beradi.