O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston siyosiy partiyalari saylov yakunlari bo‘yicha brifinglar o‘tkazdi

2015-04-01 | Jamiyat

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo'yicha Respublika matbuot markazida O'zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi, O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi va O'zbekiston "Adolat" sotsial-demokratik partiyasining brifinglari bo'lib o'tdi.

Tadbirlarda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi yangi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy sharoitlarda, siyosiy raqobat ruhida o'tgani ta'kidlandi. Saylov jarayoni unda ishtirok etgan siyosiy partiyalarning faolligi yanada oshganini ko'rsatdi.

O'zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasidan O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib ko'rsatilgan Akmal Saidov saylovga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish bilan bog'liq jarayonlarda barcha nomzodlarga teng sharoitlar yaratib berilganini qayd etdi. Saylovoldi tashviqoti tenglik, adolatlilik, ochiqlik va oshkoralik prinsiplari asosida olib borildi.

A.Saidov tadbir ishtirokchilari e'tiborini bu galgi saylovda saylov kampaniyasini ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik kabi demokratik tamoyillar asosida yoritishda ommaviy axborot vositalarining roli sezilarli ravishda kuchayganiga qaratdi. Saylov kampaniyasi davomida mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari fuqarolarning axborot olish bo'yicha konstitutsiyaviy huquqlarini ta'minlash, jamoatchilikni saylov kampaniyasining barcha bosqichlaridan xabardor qilishda faol ishtirok etdi.

– Biz saylovoldi dasturimiz Vatanimiz va xalqimiz manfaatlariga hamohang bo'lishiga harakat qildik. Saylov kampaniyasi davomida bizni qo'llab-quvvatlagan va bevosita yordam ko'rsatgan ishonchli vakillarga, partiyamiz faollariga, a'zolari hamda tarafdorlariga, barcha saylovchilarga o'zimning chuqur minnatdorligimni bildiraman, – dedi A.Saidov.

O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi brifingida ushbu partiyadan O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib ko'rsatilgan Hotamjon Ketmonov so'zga chiqdi. U brifing ishtirokchilari e'tiborini saylov kampaniyasining barcha bosqichlarida siyosiy partiyalar va ular tomonidan ko'rsatilgan nomzodlar uchun teng imkoniyatlar yaratish prinsipiga qat'iy rioya etilganiga qaratdi.

H.Ketmonov mamlakatimizda saylov jarayoni ochiqlik, oshkoralik, transparentlik kabi demokratik tamoyillarga muvofiq o'tganini ta'kidladi. Saylov jarayonida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to'g'risidagi qonunchilikning buzilish holatlari kuzatilmadi.

– Prezident saylovida biz 2,92 foiz ovoz to'plashga muvaffaq bo'ldik. Saylovchilar bilan uchrashuvlar saylovoldi dasturimizda belgilangan vazifalarda aholi keng qatlamlari manfaatlari yetarlicha qamrab olinmagani va ushbu vazifalar yanada takomillashtirilishi zarurligini ko'rsatdi. Kelajakda partiya dasturini takomillashtirishga doir tegishli vazifalarni belgilab olamiz va uni amalga oshirish uchun mavjud barcha imkoniyatlarni ishga solamiz, – dedi H.Ketmonov.

O'zbekiston "Adolat" sotsial-demokratik partiyasidan O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib ko'rsatilgan Narimon Umarov mamlakatimizda Prezident saylovi tashkiliy jihatdan yuqori darajada, milliy va xalqaro qonunchilik me'yor hamda talablariga to'liq rioya etilgan holda o'tkazilganini ta'kidladi. Saylov jarayonida qonun buzilishi holatlari yuzasidan partiya markaziy va hududiy shtablariga hech qanday shikoyat yoki murojaatlar kelib tushmadi.

– Prezident saylovi partiyamizga mamlakatimiz siyosiy maydonida o'z mavqeini mustahkamlash, elektorat manfaatlarini ifoda etish imkonini berdi, – dedi N.Umarov.

Shuningdek, u partiyaning saylovoldi dasturida belgilangan maqsad va vazifalar amalga oshirilishini, partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy vakillik organlaridagi deputatlar korpuslari va faollarining kuch va imkoniyatlari elektorat manfaatlarini qat'iy himoya qilishga safarbar etilishiga va'da berdi.

Brifinglarda siyosiy partiyalar tomonidan O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko'rsatilgan nomzodlar Markaziy saylov komissiyasi e'lon qilgan saylov natijalarini to'liq tan oldi va Islom Karimovni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylangani bilan tabriklab, davlatimiz, xalqimiz taraqqiyoti yo'lidagi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.

Поделиться