O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Is gazi va ovqatdan zaharlanishdan ehtiyot bo‘ling
2017-10-19 | Jamiyat
O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakillari tomonidan Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan anjuman ushbu ikki masalaga bag‘ishlandi.
Vazirlik matbuot xizmati rahbari R.Mirzatoyev va boshqalar joriy isitish mavsumida favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish va ularning oldini olish maqsadida keng ko‘lamli profilaktik ishlar olib borilganini ta’kidladi. Jumladan, qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida idoralararo guruhlar tomonidan 1 ming 267 qo‘shma reyd amalga oshirildi, 4 ming 136 bozor va 25 ming 903 ishlab chiqarish korxonasi qozonxonalari tekshiruvdan o‘tkazildi, 14 ming 118 maktab va maktabgacha ta’lim muassasasi, 16 ming 557 tibbiy muassasa, 1 ming 83 teatr va boshqa madaniyat o‘choqlari ko‘rikdan o‘tkazildi.
Ushbu tekshiruvlar natijasiga ko‘ra, 309 ta ma’muriy jarima chorasi qo‘llanildi, 6 ming 182 ob’ekt faoliyati vaqtincha to‘xtatildi, 2 ming 115 nostandart va qo‘lbola isitish uskunalari sotuvdan olib tashlandi, 1 ming 378 ob’ekt faoliyati butunlay to‘xtatildi, viloyatlar, shahar va tumanlar hokimiyatlariga 79 taqdimnoma kiritildi.
«O‘ztransgaz» aksiyadorlik kompaniyasi xodimlari tomonidan bir necha marta ogohlantirish berilganiga qaramay, joylarda aksariyat hollarda gaz chiqib ketishi mumkin bo‘lgan nosoz yoki rezina shlangli gaz uskunalaridan sovuqqonlik bilan foydalanish holatlari uchramoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi davlat sanitariya-epidemiologik nazorat markazi ovqatlanish gigiyenasi bo‘limi boshlig‘i Qamariddin Boqiyev yurtimizda botulizm va shu kabi oziq-ovqatdan zaharlanish profilaktikasi doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar haqida ma’lumot berdi. Umumiy ovqatlanish sohasida hanuz oziq-ovqatdan zaharlanish hollari uchrayotganini qayd etildi.
Botulizmning keng tarqalishiga sabablardan biri uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlaridir. Sifati yomon konserva mahsulotlarini aniqlash va ularning sanitar holati monitoringini amalga oshirish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislari ko‘magida 25 mingdan ortiq dehqon xo‘jaliklari, 500 dan ziyod bozor va umumiy ovqatlanish shoxobchalari tekshirib chiqildi.
Mas’ul idoralar tomonidan ko‘plab reyd va tekshiruvlar o‘tkazilmoqda, biroq uning samaradorligi ko‘p jihatdan fuqarolarning o‘ziga va ularning madaniyatiga bog‘liq. Bu gaz va isitish uskunalaridan to‘g‘ri foydalanish, uy hayvonlarini tegishli ravishda parvarishlash, umumiy ovqatlanish shoxobchalarini sinchkovlik bilan tanlash, konserva mahsulotlari xaridida e’tiborli bo‘lishga taalluqlidir.