O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston xalqaro ipakchilik komissiyasiga a’zo bo‘ldi

2017-10-19 | Iqtisodiyot

– Bu komissiya Birlashgan Millatlar Tashkilotida ro‘yxatga olingan tuzilma bo‘lib, uning asosiy maqsadi xalqaro ko‘lamda ipakchilik va ipak sanoatini rivojlantirishga qaratilgan, – deydi «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi boshqaruvi raisi Bahrom Sharipov. – Unga a’zo bo‘lishimiz, eng avvalo, sohada yuz berayotgan so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘lishimizni ta’minlaydi. Shuningdek, yurtimizda ipakni qayta ishlash va uning eksportini kengaytirishda qo‘l keladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 29 martdagi «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori sohada yangi imkoniyatlar yaratishda muhim omil bo‘lmoqda. “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tomonidan ipakchilikni rivojlantirish, aholining tabiiy matolarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, bunday mahsulotlar bilan ichki bozorni to‘ldirish, uning eksportini kengaytirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Ta’kidlash joizki, joriy yil bahorda pillakorlarimiz ipak qurti parvarishlab, mo‘l hosil yetishtirdi. Davlatimiz rahbarining Surxondaryo, Buxoro va Farg‘ona viloyatlariga tashriflari davomida bir yilda ikki marta pilla boqishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan bildirgan fikr-mulohazalaridan ruhlangan “kumush tola” yetishtiruvchilar takroriy pilla yetishtirishga ahd qildi. Natija kutilganidan ham yaxshi bo‘ldi. 

– Pilladan bir yilda ikki marta hosil olamiz deganimizda shubha bilan qaraganlar ham bo‘ldi, – deydi «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi boshqaruvi raisi o‘rinbosari Olim Jumayev. – Biroq, biz buni amalga oshirdik. 10 ming 500 quti ipak qurti parvarishlanib, 420 tonnadan ko‘proq hosil yetishtirildi. Bu 10 milliard so‘mdan ziyod daromad ko‘rish hamda qayta ishlash korxonalariga uch mingta mavsumiy ishchini jalb etishni ta’minladi. 

Xomashyoning ko‘payishi, albatta, uni qayta ishlashni ham talab etadi. Joriy yilda uyushmada ip yigiruv va ipak mato ishlab chiqarishga ixtisoslashgan qator loyihalar amalga oshirildi. Sirdaryo, Xorazm, Jizzax, Buxoro viloyatlarida barpo etilayotgan korxonalar shular sirasidandir. 

Andijon viloyatida Xitoyning “Tongxing Juncheng” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Andijon silk” qo‘shma korxonasiga 6 million dollar miqdorida investitsiya kiritiladi. Kelgusi yilning boshida ishga tushirilishi mo‘ljallanayotgan ushbu korxona tacarrufida tut plantatsiyalari, zamonaviy va ilg‘or texnologiyalar asosida qurt boqish, pillani qayta ishlash, ipak o‘rash, ipak xomashyosi ishlab chiqarish, ipak eshish va tikuv sexlari barpo etiladi. Bu yerda momiqdan ko‘rpa-to‘shak, yostiq, ipakdan turli kiyim-kechaklar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Korxona to‘la quvvat bilan ish boshlagach, qariyb ming ish o‘rni yaratiladi. Bundan tashqari, dastlabki yili 3,5 million dollar, 2021 yilga borib 12 million dollar qiymatidagi mahsulot eksport qilinishi rejalashtirilgan. 

Tizimda ipak qurti urug‘i yetishtirish borasida ham yangi loyihalar amaliyotga joriy etilmoqda. Ulardan biri – Surxondaryo viloyati Angor tumanida Xitoy bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Huashen Silkworm Pro” qo‘shma korxonasidir. Joriy yilda xitoylik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan bu korxonaning yillik quvvati 100 ming quti ipak qurti urug‘ini tashkil qiladi. Ayni vaqtda 200 ish o‘rni yaratilgan bo‘lsa, kelgusida mahsulot yetishtirish hajmining oshishi hisobiga 3 ming 700 dan ortiq ish o‘rni yaratilishi mo‘ljallanmoqda. 

Kelgusida tizimdagi ishlar bosqichma-bosqich yanada kengaytirib boriladi. Bu esa mamlakatimiz yengil sanoatini sifatli xomashyo bilan ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda eksport hajmini oshirishni ta’minlaydi.

 

Sayyora Shoyeva, O‘zA

Поделиться