O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida Koreya Respublikasining Elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2017-10-18 | Jamiyat
Joriy yilning 16 oktyabr kuni Adliya vazirligida adliya vaziri o‘rinbosari A.Tashkulovning Koreya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Kvon Yon U bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida adliya vaziri o‘rinbosari tomonidan Koreya Respublikasi O‘zbekistonning muhim hamkorlaridan biri ekanligi hamda mazkur mamlakat bilan do‘stona aloqalar izchillik bilan mustahkamlanayotganligi ta’kidlandi.
Shuningdek, Elchi huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda Adliya vazirligi faoliyatining bir qator yo‘nalishlari, xususan nodavlat notijorat tashkilotlar va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari faoliyat ko‘rsatishining qonuniyligini ta’minlash sohasidagi ishlar bilan tanishtirildi
O‘z navbatida Elchi Kvon Yon U tomonidan, tashkil etilgan uchrashuv va berilgan ma’lumotlar yuzasidan minnatdorchilik bildirib, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar to‘g‘risida aniq tushunchaga ega ekanligi qayd etildi. Shuningdek, Elchi kelgusida ikki davlat o‘rtasidagi turli sohalardagi, shu jumladan huquq sohasidagi aloqalarni yanada rivojlantirishda o‘z hissasini qo‘shishini aytib o‘tdi.
Adliya vaziri o‘rinbosari tomonidan davlatimiz Rahbarining fuqarolik jamiyati bilan o‘zaro hamkorlik qilish tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha tashabbuslari alohida qayd etilib, Adliya vazirligining vakolatiga kiruvchi sohalarda, shu jumladan Koreya Respublikasining manfaatdor vazirlik va idoralari bilan tegishli kelishuvlarni tuzish yo‘li bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikka tayyorligi bildirildi.
Shuningdek, tomonlar ochiqlik va hayrixohlik sharoitida bir qator masalalar bo‘yicha fikrlar bilan almashishdi