O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Eronning Sanoat, konlar va savdo vaziri bilan uchrashuv
2017-10-18 | Siyosat
2017-yilning 17-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya Tehronda Eron Islom Respublikasining Sanoat, konlar va savdo vaziri Muhammad Shariatmadari bilan uchrashdi.
O‘zbekiston Tashqi savdo vaziri Elyor G‘aniev va delegatsiyaning boshqa a’zolari ishtirok etgan suhbatda ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini oshirish va diversifikatsiya qilish hamda investitsion hamkorlikni yanada yuqori darajaga ko‘tarish O‘zbekiston-Eron munosabatlarining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi ta’kidlandi.
Uchrashuvda transport-kommunikatsiya sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari batafsil muhokama qilindi va O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-O‘mon xalqaro transport koridori bo‘yicha 2011-yil aprel oyida imzolangan bitim doirasidagi aloqalarni rivojlantirishga tomonlar tayyor ekanligi tasdiqlandi.
Shuningdek, Tehronda Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya bo‘lajak majlisining kun tartibiga oid masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.