O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
«Odam a’zolari va to‘qimalarini transplantatsiya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokama qilindi
2017-10-18 | Jamiyat
Toshkent davlat yuridik universitetida O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi va partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi bilan hamkorlikda «Odam a’zolari va to‘qimalarini transplantatsiya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Universitet prorektori Z.Esonova, «Adolat» SDP siyosiy kengashi raisi o‘rinbosari A.Rahmonov, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sh.Nurmatova va boshqalar aholining barcha ijtimoiy qatlami o‘z vaqtida, muntazam sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishini ta’minlash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan ekanini ta’kidladi.
Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi saylovoldi dasturida ilgari surilgan maqsadlar bilan mushtarak. Ushbu sohani yanada rivojlantirish, bu borada yechimini kutayotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha partiya tomonidan takliflar ilgari surilib, chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Tadbirda qayd etilishicha, mavjud ba’zi cheklovlar tufayli mamlakatimizning tibbiyot sohasidagi salohiyatidan to‘liq foydalanilmayapti. Ayrim tibbiy muolajalarni o‘tkazish, xususan, transplantologiya masalasida fuqarolarimiz hamon xorijdagi tibbiyot muassasalariga murojaat etishga majbur bo‘lmoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, yurtimizdagi ko‘plab bemorlar organlar va to‘qimalar transplantatsiyasiga muhtoj.
Shu bois partiya tomonidan aholi orasida talab yuqori bo‘lgan tibbiyot muolajalariga, jumladan, transplantologiya tibbiy xizmatiga ruxsat berishning huquqiy asoslarini yaratish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, joriy yilning avgust oyida Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlik memorandumi imzolanib, soha mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tuzildi va qo‘shma chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Unda «Odam a’zolari va to‘qimalarini translantatsiya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ishlab chiqish, keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish hamda qabul qilinishiga erishish belgilangan.
Qonun loyihasi O‘zbekiston normativ-huquqiy hujjatlarining portalida umumiy muhokamaga qo‘yildi. Ushbu hujjat ayni vaqtda hududlardagi tibbiyot muassasalari hamda sohaga ixtisoslashgan oliy o‘quv yurtlarida partiya elektorati va deputatlari ishtirokida keng muhokama qilinmoqda.
Tadbirda taklif etilayotgan qonun loyihasi qabul qilinishi natijasida yurtdoshlarimiz zarurat tug‘ilganda chet ellarga bormasdan, mamlakatimiz tibbiyot muassasalarida inson organlari va to‘qimalarini ko‘chirib o‘tkazish orqali o‘z salomatligini qayta tiklashi mumkinligi ta’kidlandi. Sohaga doir xorijiy tajriba hamda qonun loyihasida nazarda tutilayotgan normalar batafsil ko‘rib chiqildi.