O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Turkman xalqining atoqli farzandi Maxtumqulining “Saylanma” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

2017-10-17 | Jamiyat

Ajdodlarning ma’rifat xazinasi – qimmatli kitoblar bugun ham odob va ezgulikdan saboq berib, hayot yo‘llarimizni nurafshon etmoqda. Barhayot asarlar keng tadqiq qilinib, qayta nashr etilayotgani avlodlarning beqiyos ehtiromi ifodasidir.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida turkman xalqining atoqli farzandi Maxtumqulining “Saylanma” kitobi taqdimotida shular haqida so‘z yuritildi. Unda davlat va jamoat tashkilotlari, diplomatik korpus, turkman milliy madaniyat markazi vakillari, yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunoslar qatnashdi. 

Tadbirda O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bosh direktori L.Tangriyev, Turkmanistonning mamlakatimizdagi Muvaqqat ishlari vakili O.Xummiyev va boshqalar tili, urf-odatlari o‘xshash bo‘lgan o‘zbek va turkman xalqlari azaldan bir-birining madaniyati, adabiyotidan bahramand bo‘lib kelgani, bugun ham ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy sohalardagi hamkorlik faol rivojlanib borayotganini ta’kidladi. 

Maxtumquli-Firog‘iy ijodi xalqlarimiz do‘stligini mustahkamlashda alohida ahamiyat kasb etadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yil 6-7 mart kunlari Turkmanistonga davlat tashrifi chog‘ida Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovga Maxtumqulining o‘zbek tilida chop etilgan “Elingga baxsh ayla” kitobini sovg‘a qilgani ham fikrimiz tasdig‘idir. 

O‘zbekistonda Maxtumquli asarlari kirib bormagan xonadonni topish qiyin. Mamlakatimizda shoir ijodiy faoliyatini chuqur o‘rganish, she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish borasida qator tadqiqotlar olib borilayotir. “O‘qituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan nashr etilgan Maxtumqulining “Saylanma” kitobi ana shunday sa’y-harakatlar natijasidir. 

– Turkman xalqining ulug‘ shoiri Maxtumquli ijodi XVIII asr ma’rifiy she’riyatining yorqin namunasi sifatida shuhrat qozongan, – deydi tarjimon Muhammad Pirriyev. – Mazkur nashr Prezidentimizning shu yil 13 sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirildi. Undagi xalqchil asarlar millatlararo do‘stlikni mustahkamlash, mehr-oqibat, odob-axloq tuyg‘ularni ulug‘lash, yosh avlodni Vatanga muhabbat ruhida kamol toptirishga xizmat qiladi. 

Shoir she’rlarida donishmandlik, mardlik, fidoyilik kabi insoniy fazilatlar badiiy mahorat va teran falsafiy ifoda orqali aks ettiriladi. Bu tabarruk siymo ijodining tarbiyaviy ahamiyatini yanada oshiradi. 

– Maxtumqulining Xiva va Buxoro shaharlarida tahsil olgani, Alisher Navoiyni o‘ziga ustoz deb bilgani xalqlarimiz o‘rtasidagi adabiy-madaniy rishtalar bardavomligidan dalolat, – deydi Toshkent shahar turkman milliy madaniyat markazi raisi o‘rinbosari Bibisora Rajapova. – Shoir “Saylanma”sining o‘zbek tilida nashr etilgani xalqlarimiz ma’naviy yaqinligi ifodasidir. 

Taqdimotda Maxtumqulining hayot va ijod yo‘li, she’riyatida ilgari surilgan dolzarb ijtimoiy masalalar haqida fikr-mulohazalar bildirildi.

 

Ulug‘bek Shonazarov, O‘zA

Поделиться