O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkentda Rossiya kinosi haftaligi boshlandi
2017-10-17 | Madaniyat
Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida haftalikning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
“O‘zbekkino” milliy agentligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Kinematografiyani rivojlantirish markazi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirda kinoijodkorlar, san’atshunoslar, talaba-yoshlar, Rossiya kino san’ati vakillari qatnashdi.
“O‘zbekkino” milliy agentligi bosh direktori F.Zokirov va boshqalar O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy sohalar bilan birga madaniy-ma’rifiy yo‘nalishda ham izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
Haftalikdan ko‘zlangan maqsad kino san’ati sohasidagi hamkorlik munosabatlarini yanada kuchaytirish, o‘zaro fikr va tajriba almashish uchun qulay imkoniyat yaratishdan iboratdir.
Yoshlar ijod saroyida bo‘lib o‘tadigan haftalik uchun filmlar tomoshabinlarning rang-barang auditoriyasi, qiziqishini inobatga olgan holda saralab olingan. Jumladan, “Quti” filmi yoshlar o‘rtasidagi murakkab psixologik munosabatlardan so‘zlasa, komediya janridagi “Katta qishloq alangasi” filmi yosh rejissyorning intilishlari haqida hikoya qiladi. “Teli va Toli” kino asari yorqin manzaralari, hayotiy hikmatlarga boyligi, ezgulik, do‘stlik, muhabbatni ulug‘lashi bilan ahamiyatli. Murakkab dramatik yo‘nalishdagi “Topilma”, Ikkinchi jahon urushi voqealari haqida hikoya qiluvchi “Yagona” kartinasi, yoshlar o‘rtasidagi samimiy va beg‘ubor tuyg‘ular tarannum etilgan “Lirizmlar” filmlari ham tomoshabinlarni befarq qoldirmaydi. Haftalik doirasida ijodiy uchrashuvlar, talabalar uchun mahorat saboqlari bo‘lib o‘tadi.
Rossiya filmlari haftaligi “Quti” kartinasi namoyishi bilan boshlandi.
Nazokat Usmonova, O‘zA