O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Kafolatlangan mehnat huquqi
2017-10-17 | Jamiyat
Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashining navbatdagi XXII sessiyasida Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash masalalari bo‘yicha hududiy komissiya tuzilib, uning tarkibi va tadbirlar majmui tasdiqlandi.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va boshqa qonun hujjatlarida har bir shaxsning erkin ish tanlash, mehnat qilish huquqi mustahkamlab qo‘yilgan. Bu yo‘nalishdagi ijtimoiy huquqlar umume’tirof etilgan xalqaro hujjatlarga mos bo‘lib, majburiy va bolalar mehnatidan foydalanish taqiqlangan.
2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida fuqarolar huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini ta’minlash masalalari alohida belgilab qo‘yilgani ham bu boradagi ishlarni yangi bosqichda davom ettirishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2017-yil 4-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga va xalqaro mehnat standartlariga muvofiq fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlashga doir chora-tadbirlarni kuchaytirish to‘g‘risida”gi qarori bilan Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash masalalari bo‘yicha Parlament komissiyasi tuzildi. Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida tashkil etilgan mazkur komissiya yurtimizda fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada mustahkamlashga alohida ahamiyat qaritilayotganining yorqin ifodasi bo‘ldi.
Mazkur qaror bilan viloyatda tuzilgan hududiy komissiya fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini joylarda keng targ‘ib qiladi. Sohaga doir qonun hujjatlarini amalga oshirish yuzasidan joylarda uchraydigan muammo va kamchiliklarni o‘rganadi. Qoidabuzarliklar uchun mutasaddi idoralarga belgilangan ta’sir choralarini qo‘llash yuzasidan takliflar kiritadi. Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash, majburiy mehnatdan foydalanishning oldini olish, unga yo‘l qo‘ymaslik bilan bog‘liq O‘zbekiston Respublikasining qonunlari va xalqaro shartnomalarni bajarish bo‘yicha mahalliy davlat organlari hamda boshqa tashkilotlar rahbarlari faoliyatini o‘rganish natijalari to‘g‘risidagi axborotni xalq deputatlari viloyat Kengashi muhokamasiga kiritib boradi. Qonun hujjatlarini takomillashtirishga oid takliflar va olib borilayotgan ishlar bo‘yicha axborotni Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash masalalari bo‘yicha Parlament komissiyasiga taqdim etadi. Bu Xalqaro mehnat tashkilotining a’zosi bo‘lgan mamlakatimizda ushbu tashkilotning ratifikatsiya qilingan 14 konvensiyasi, jumladan, bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risidagi konvensiyaga qat’iy amal qilishda muhim omil bo‘ladi. Fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilish, barcha ko‘rinishdagi majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik masalalariga oid O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalar bajarilishi ustidan kuchli jamoatchilik nazorati o‘rnatish samaradorligini tubdan oshiradi. Fuqarolar huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlari ustuvorligini ta’minlaydi.
Sessiyada viloyat ijtimoiy-iqtisodiy hayoti bilan bog‘liq boshqa qator masalalar ham ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Sessiyada Surxondaryo viloyati hokimi E.Turdimov so‘zga chiqdi.